Tadbirkorlar islohotlardan mamnun
Bugun yurtimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Ularga berilayotgan imtiyozlar soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari “Tekshiruvdan servisga” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, qonunchilikdagi yangiliklar, berilayotgan imtiyozlar yuzasidan ma’lumotlar bermoqda.
Ma’lumki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi joriy qilingan.
– Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar xarid qilingan tovar va xizmatlar uchun to‘lagan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini 3 kun muddatda avtomatik ravishda qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, – deydi Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Temur Toshtemirov. – Bugungi kunda Qashqadaryoda 24 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektga 142 holatda 12 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarib berildi.

Jumladan, “ROYAL CHICKEN BIZNES” oilaviy korxonasi parrandachilikning go‘sht yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Bundan 6 yil avval tashkil etilgan korxonada 35 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlangan. Bugungi kunda 45 mingdan ortiq parranda parvarish qilinmoqda. Berilayotgan imtiyozlar korxonada parrandalar sonini oshirishga, ichki bozorga arzon narxlarda go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishga xizmat qilmoqda.

Qarshi shahridagi “Nasaf 888” xususiy korxonasi umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Korxona ushbu tartibga ko‘ra 70 million so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytarib oldi. Ushbu mablag‘lar korxona faoliyatini yanada rivojlantirishga yo‘naltirildi.
– Bugun biz davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlardan juda mamnunmiz. Ayniqsa, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar faoliyatimizni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi korxona hisobchisi Husniddin Baratov.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari “Gold capital savdo lux” xususiy korxonasida bo‘ldi. Tadbirkorlarni qiynayotgan savollarga javob berishdi.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri