Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi
Fransiyada yurtimiz sayyohlik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi. Koreya Respublikasidagi avtobuslarga O‘zbekistonga sayohatga chorlovchi reklama e’lonlari paydo bo‘ldi. O‘zbekiston – sayyohlik uchun xavfsiz mamlakat deb e’tirof etildi. Mamlakatimiz vakillari butunjahon turistik yarmarkasida qatnashdi.
Deyarli har kuni shu va shunga o‘xshash xabarlarni eshityapmiz. Yurtimizdagi sayyohlik ob’ektlari, aeroport va vokzallarda ham sayyohlar soni ancha ko‘paydi. Aslida ham yurtimizning go‘zal tabiati hamda tarixiy-madaniy yodgorliklari va muqaddas qadamjolari ko‘pligi tufayli sayyohlik sohasi bizda eng serdaromad tarmoqlardan biriga aylanishi, mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni ancha yuqori bo‘lishi lozim.
Mamlakatimizda mavjud imkoniyatdan foydalangan holda turizmni rivojlantirish, soha vakillarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini oshirmoqda. O‘tgan yil Butunjahon turizm tashkilotining navbatdagi sessiyasi Samarqandda o‘tkazildi. Har yili xalqaro miqyosdagi turizm yarmarkalari tashkil etilmoqda. Ana shu omillar natijasida yurtimizga keladigan sayyohlar soni yildan yilga oshmoqda. Mamlakat ichkarisida ham ichki turizm jadal rivojlanyapti.
[gallery-18497]
Turizm haqida gap ketganda birinchilar qatorida tilga olinadigan Samarqand misolida fikrlarimizni asoslasak. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning olti oyi davomida viloyatga 1 million 253 ming nafar xorijiy, 1 million 742 ming nafar mahalliy sayyoh kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘p demakdir.
– Yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 301,3 million dollarni tashkil etib, turistlarning viloyatimizda qolishi o‘rtacha 2,7 kunga uzaydi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Avvallari 1-15 kunni tashkil etardi. Sayyohlar yurtimizga qancha ko‘p qolsa, bu iqtisodga shuncha foyda. Lekin albatta, buning uchun yetarli sharoit, xalqaro talablarga mos servis yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu borada ham yillik va uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Xususan, yilning birinchi yarmida viloyatda 910 o‘rinli 6 ta mehmonxona, 11 ta xostel, 40 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi. 45 ta turistik kompaniyalar faoliyat boshlab, ularning soni 347 taga yetdi. Bu kompaniyalar va sayyohlik ob’ektlarida 520 nafardan ortiq gid-tarjimon ishlayapti. Sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun ayni paytda viloyatda turistik sinfga mansub 121 ta avtobus, 115 ta mikroavtobus mavjud. Davlatimiz rahbarining 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yana oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xorijdan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar 2015 yil 1 avgustga qadar bojxona bojidan ozod qilingani bunday transport vositalari soni yanada oshishiga xizmat qildi. Shuningdek, keyingi yillarda viloyatda 16 ta turizm axborot markazi tashkil etilib, turistlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yil boshidan buyon turistik ob’ektlarga olib boruvchi 72 ta yo‘l ko‘rsatgich belgilari o‘rnatilib, 35 ta turizm ob’ektida Wi-Fi zonalari tashkil etildi.
Belgilangan dasturlar asosida olti oy davomida qiymati 255 milliard 850 million so‘mlik 14 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Jumladan, 132 milliard so‘mlik 6 ta mehmonxona, 55 milliard so‘mlik bitta sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi, 13 milliard so‘mlik 3 ta ekoturizm dam olish maskani, shuningdek, transport xizmati, logistika, avto kemping va boshqa xizmatlar loyihalari ishga tushirildi.
Xorijiy va mahalliy turistlar uchun 130 dan ortiq madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, 30 dan ortiq konferensiya va forumlar hamda xalqaro tadbirlar tashkil etildi. Turizm salohiyatini targ‘ib etish maqsadida 40 dan ortiq xorijiy mamlakat ommaviy axborot vositalari hamda yirik turizm tashkilotlari vakillari uchun info-turlar uyushtirildi.
Xorijiy turistlarni jalb etish maqsadida Vengriya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasida o‘tkazilgan tadbirlarda Samarqand viloyati turizm sohasi mas’ullari va turistik firmalar ishtirok etib, viloyatning turizm salohiyatini targ‘ib qildi. Muhim yangiliklardan yana biri, Samarqand shahri bilan Xitoyning Urumchi va Sian shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan shu yilning 16 iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishish chog‘ida belgilab berilgan vazifalar va tegishli dasturlar asosida yilning ikkinchi yarmida viloyatga keladigan xorijlik sayyohlar sonini 2,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 500 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan, – deydi Rustam Qobilov. – Shu maqsadda 40 dan ortiq xalqaro va mahalliy turizm festivallari o‘tkaziladi, xorijiy va mahalliy OAV vakillari uchun info-turlar tashkil etiladi. Yil oxiriga qadar 3 trillion 794 milliard so‘mlik 97 ta loyiha amalga oshiriladi va 3,9 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bu loyihalarning 51 tasi joylashtirish vositalari, 17 tasi umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlar, 21 tasi dam olish maskani va 9 tasi hunarmandchilik, suvenir va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari hisoblanadi.
Prezidentmizning shu yilning 6 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Samarqand tumanida umumiy maydoni 4656 gektar bo‘lgan “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi. Bugungi kunda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mazkur loyihaning master rejasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib 2027 yilda to‘liq ishga tushiriladi. Tog‘ turizmi loyihalarida hududlarda “ziplayn”, “banji-jamping” va “zorbing” attraksionlari, kanatli park, dor yo‘llari, deltaplan va paraplan yoki havo sharida uchish kabi ekstremal turizm yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, bu yil Samarqand shahrida “Qorako'l Stroy Engineering” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 30 million AQSH dollar bo‘lgan yana bir besh yulduzli mehmonxona foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mehmonxonaga “Wyndham” brendi jalb etiladi. Urgut tumani Omonqo‘ton mahallasida, Taxtiqoracha dovoni atrofida “Zamin Travel” MCHJ tomonidan 300 o‘rinli zamonaviy sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi loyihasi amalga oshirilmoqda. Umuman, Samarqandni Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylantirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi va bu ishlar samarasi tez orada ko‘zga tashlanib qoladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat),
O‘zA muxbirlari