Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi
Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda 500 dan ortiq yosh ishtirok etdi. Tadbir davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlari tomonidan saf, jangovar va maxsus tayyorgarlik elementlarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Qutqaruvchi kasbi jasorat va fidoyilik timsoli ekani ta’kidlanib, inson hayotini asrab qolish, uning quvonchi va minnatdorligiga sabab bo‘lish har bir qutqaruvchi uchun beqiyos g‘urur va sharaf bag‘ishlashi alohida e’tirof etildi.

Tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tizimda yaratilayotgan imkoniyatlar, kasbiy faoliyat va kelgusidagi istiqbollar yuzasidan batafsil javoblar oldi.

Qayd etilganidek, mazkur tadbir yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi faoliyati va qutqaruvchilarning sharafli kasbini keng jamoatchilikka targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA