MIB: sayyor sudda uchta oila yarashtirildi
Farzand ta’minoti har bir ota-onaning qonuniy va ma’naviy burchi. Ana shu mas’uliyatni ta’minlash, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘limi binosida sayyor sud majlisi tashkil etildi.
Unda aliment to‘lovlari bilan bog‘liq ijro hujjatlari, qarzdorlik holatlari hamda oilalardagi ijtimoiy munosabatlar atroflicha muhokama qilindi. Sud jarayonlarida farzand ta’minotiga befarq bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlandi.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi va tuman ichki ishlar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida aliment to‘lovidan bo‘yin tovlab kelgan 15 nafar fuqaroga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu kabi choralar, avvalo, bolalarning qonuniy huquqlarini ta’minlash va mas’uliyatsizlikka barham berishga qaratilgani ta’kidlandi.
Qolaversa, sayyor sud nafaqat jazo, balki oilalarni saqlab qolish, murosa va kelishuvga erishish maydoniga ham aylandi. Sud jarayonlari davomida ajrim yoqasida turgan uchta oila yarashtirilib, farzandlar kelajagi uchun muhim bo‘lgan kelishmovchiliklar tinch yo‘l bilan hal etildi.
E’tiborli jihati, oltita ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlar tomonidan jami 127 million so‘m aliment mablag‘i sud jarayonining o‘zidayoq to‘liq undirildi. Bu esa, olib borilayotgan qat’iy nazorat va huquqiy ta’sir choralarining amaliy samarasi bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA