Yangi O‘zbekistonda ta’lim – inson qadriga xizmat qiladi
Yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida inson qadri, uning bilim olishi, kasbiy kamoloti va munosib hayot kechirishi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bugungi kunda universitetlar nafaqat bilim beruvchi muassasa, balki ilm-fan, innovatsiya, tadbirkorlik, xalqaro hamkorlik va eng muhimi, inson taqdirini o‘zgartiradigan maskan sifatida rivojlanmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan
Bu o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini Farg‘ona davlat universiteti misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Qariyb bir asrlik tarixga ega universitetimiz mamlakatimiz uchun pedagogika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, huquq, bank-moliya, ekologiya va boshqa qator sohalarga yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelmoqda. Keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar esa universitetni xalqaro maydonda raqobatbardosh ta’lim muassasasiga aylantirishda muhim omil bo‘ldi.
Bugun oliy ta’lim sifati nafaqat auditoriyadagi mashg‘ulotlar, balki bitiruvchining mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi bilan baholanmoqda. Shu maqsadda universitetimizda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yozgi ta’til davrida talabalarning viloyatdagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yildi. Barcha talabalar uch tomonlama shartnomalar asosida korxonalarga biriktirildi. Bu esa ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini oshirish hamda kelgusida ish bilan ta’minlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Ayniqsa, "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar o‘zining amaliy samarasini berdi. Joriy o‘quv yilida universitetni 5 ming nafardan ziyod talaba bitirdi va ularning aksariyati bugun o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat faoliyatini boshladi. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati amalda qanday natija berayotganining yana bir yorqin isbotidir.
Inson qadrini ulug‘lash avvalo yoshlarga bo‘lgan ishonchdan boshlanadi. Shu bois universitetimizda talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. "Talaba xavfsizligi kuni", "Karera va biznes" marafoni, "Kelajakka qadam" loyihasi, ustoz-shogird an’analari, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bu islohotlarning eng katta natijasi inson taqdirida namoyon bo‘lmoqda. Bugun bitiruvchilarimiz orasida o‘z sohasida muvaffaqiyat qozonayotgan, magistraturada tahsil olayotgan, nufuzli ta’lim muassasalari va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yoshlar ko‘plab uchraydi. Ular erishgan yutuqlar universitetimiz jamoasi uchun eng katta e’tirofdir.
So‘nggi yillarda universitetning xalqaro nufuzi ham sezilarli darajada oshdi. Farg‘ona davlat universiteti "QS Stars" baholash tizimida to‘rt yulduzga munosib deb topildi. Ta’lim sifati, infratuzilma, bitiruvchilar bandligi va boshqaruv samaradorligi yo‘nalishlarida esa besh yulduzli baholarga erishildi. "QS World University Rankings: Asia" reytingida 801-850 o‘rinlardan joy olgan universitetimiz "THE Impact Rankings" reytingining bir qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin egalladi. "UI GreenMetric" hamda "Round University Ranking" reytinglarida qayd etilgan yuqori natijalar ham olib borilayotgan islohotlarning xalqaro e’tirofi bo‘ldi.

Shuningdek, kimyo, biologiya, matematika va fizika yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ta’lim dasturining Germaniyaning nufuzli ASIIN agentligi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani ta’lim sifatini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Bugun universitetimizda 25 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. 13 ta fakultet, 52 ta kafedra, 82 ta bakalavriat va 40 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim jarayoni tashkil etilgan. Ilmiy salohiyatning 68 foizga yetgani, zamonaviy laboratoriyalar va innovatsion muhitning shakllangani ilm-fan rivojiga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirish maqsadida universitetimizda anorchilik, uzumchilik, chorvachilik, asalarichilik hamda "Proflingva" tarjima yo‘nalishida zamonaviy kovorking markazlari tashkil etildi. Bu markazlar talabalarning ilmiy g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, ming nafardan ziyod talabamiz respublikadagi yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida dual ta’lim tizimi asosida tahsil olmoqda.
Xalqaro hamkorlik ham universitetimiz taraqqiyotining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda Farg‘ona davlat universiteti dunyoning 34 davlatidagi 218 ta oliy ta’lim muassasasi va ilmiy markazlari bilan hamkorlik qiladi. Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, AQSH va boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar akademik almashinuvlar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirishga keng imkoniyat yaratmoqda.
Universitetimiz nufuzli xalqaro forumlar va ilmiy anjumanlarga mezbonlik qilib, mamlakatimiz ta’lim tizimining xalqaro maydondagi obro‘sini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, hamkorlik va ilm-ma’rifatga asoslangan taraqqiyot strategiyasi o‘zining amaliy samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi yutuqlarimizga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘ladi: barcha islohotlar markazida inson turibdi. Yoshlarning bilimli, raqobatbardosh va vatanparvar shaxs bo‘lib kamol topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar ertangi taraqqiyotimizning eng ishonchli kafolatidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida qo‘lga kiritilayotgan natijalar bizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Biz inson qadrini ulug‘lash, ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘lidan izchil davom etamiz. Zero, mamlakat taraqqiyotining eng mustahkam poydevori bilimli inson, kuchli ta’lim va yuksak ma’naviyatdir.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA