Temir yo‘l bo‘ylari namunali hududga aylantirilmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” va “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida Toshkent viloyatida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yangiyo‘l shahri, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlaridan o‘tuvchi temir yo‘l bo‘ylarini obod etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi. Tadbirda viloyat, shahar va tuman hokimliklari mutasaddilari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla yettiligi a’zolari hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Muloqotlar davomida temir yo‘l bo‘ylarida joylashgan mahallalar, ko‘chalar va xonadonlarni namunali hududga aylantirish, bino va inshootlarning tashqi qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, noqonuniy va tartibsiz qurilmalarni bartaraf etish, sanitariya holatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish hamda aholi ishtirokida umumxalq hasharlarini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat hokimi temir yo‘l bo‘ylari hududlarning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi” ekanini ta’kidlab, ushbu maskanlar ozoda, fayzli va namunali qiyofaga ega bo‘lishi zarurligini qayd etdi. Har bir mahalla, ko‘cha va xonadonni obod etish, aholining bunyodkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat hududlarning tashqi qiyofasini yaxshilash, balki aholining yashash madaniyati va farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shundan so‘ng viloyat hokimi hududlarda olib borilayotgan qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining borishi bilan joyida tanishib, ularni yanada jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, Yangiyo‘l tumani hududidan o‘tgan temiryo‘l atrofida joylashgan 7 ta mahallada obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash choralari ko‘rilyapti. O‘rganilgan manzillarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari ishlarni jadal sur’atlarda boshlab yubordi.
A. Musayev, O‘zA