Yangi Özbekiston ziyolilari muloqoti
Samarqand davlat texnika universitetida Özbekiston ziyolilari kengaşining hududiy yiğilişining yalpi majlisi ötkazildi.
“Yangi Özbekiston ziyolilari – milliy yuksaliş tayançi” şiori ostida taşkil etilgan tadbirda poytaxtdan kelgan va samarqandlik ilm-fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, taniqli ijodkorlar, maʼnaviyat tarğibotçilari iştirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi örinbosari H.Töxtayev, Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunçilik palatasi deputati A.Aslonov va boşqalar mamlakatimizda ilk bor ötkazilayotgan ziyolilarning mazkur muloqoti dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaşda muhim ahamiyat kasb etişini taʼkidladilar.
– Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bağişlangan tantanalarda davlatimiz rahbari tomonidan keyingi ön yillik mamlakatimizda milliy yuksaliş davri bölişi alohida qayd etildi, – deydi Oliy Majlis Qonunçilik palatasi deputati Abdulla Aslonov. – Bu davrda amalga oşiriladigan yetti milliy dastur belgilab berildi. Endilikda barçamiz hamjihatlikda bu ulkan tarixiy maqsadni röyobga çiqariş, ilmiy-intellektual va ijodiy salohiyatni yagona ezgu ğoya atrofida birlaştirişimiz lozim. Şu nuqtai nazardan, jamiyatning ilğor, faol qatlami bölgan ziyolilarga milliy yuksalişning tayançi sifatida qaralib, bunday kengaşning taşkil etilayotgani ayni paytda juda muhim va zarurdir.
Anjuman şuʼba yiğilişlarida milliy özlikni asraş, yoşlar tarbiyasi, ilm-fan va taʼlimni rivojlantiriş, özbek tili va adabiyotini yuksaltiriş, raqamli taraqqiyot, madaniyat va sanʼatni qöllab-quvvatlaş kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almaşildi.
[gallery-32457]
Şuningdek, mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantiriş, globallaşuv şaroitida yoş avlodning mafkuraviy va raqamli immunitetini şakllantiriş, axborot makonida soğlom muhitni qaror toptirişning taʼsirçan mexanizmlarini yölga qöyiş masalalari muhokama qilindi. Oila, mahalla va taʼlim muassasalari örtasidagi hamkorlikni yangi bosqiçga olib çiqiş, yoşlarning intellektual salohiyatini röyobga çiqariş, ularda milliy qadriyatlarga hurmat va zamonaviy dunyoqaraşni uyğun şakllantiriş masalalari ham muhokamalar markazida böldi.
Ziyolilar muloqoti davomida muhim taklif va taşabbuslar ilgari surilib, hududning intellektual salohiyatini oşiriş, inson kapitalini rivojlantiriş hamda milliy yuksalişga xizmat qiluvçi amaliy takliflar işlab çiqildi.
Ğ.Hasanov, A.Isroilov (surat), ÖzA muxbirlari