“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030”
Qashqadaryo viloyatida mamlakatimiz yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab beruvchi “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida viloyat musiqali drama teatri hududida maxsus pavilonlar tashkil etilib, ishtirokchilarga yoshlar siyosatiga oid yirik loyihalar va imkoniyatlar tanishtirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “TOP-100 kitobxon” tanlovining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot davomida volontyorlik, xalqaro hamkorlik, tadbirkorlik, bandlik, zamonaviy kasblar, startaplar hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan elektron platformalar faoliyatiga oid ma’lumotlar berildi.
[gallery-29206]
Tadbirda Qashqadaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Abror Ahmedov strategiyaning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, sohaning qator mas’ul vakillari ishtirokida taqdimotlar o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi yoshlarga oid birinchi yaxlit dastur bo‘lib, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Unda har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 2030-yilga qadar 900 ming nafar yoshni volontyorlikka jalb etish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilim darajasini oshirish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, ta’lim sohasida yangi o‘quv markazlarini tashkil etish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, faol yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan qator imtiyoz va tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir davomida “Ko‘mak” loyihasi doirasida yoshlarga sertifikatlar topshirildi, shuningdek, faol yoshlar yetakchilari taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari