Narkokurerlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘linmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Xususan, “Farg‘ona – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasi poytaxtga kirish qismida joylashgan “Sharq” YPX maskanida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Jarayonda avtomashinadagi yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaroga tegishli qo‘l yuklari orasida 102 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi, shuningdek 3 ta o‘ramga joylangan, jami 168 dona kapsuladan iborat “Regapen 300 mg” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 20-aprel kuni Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, hududdagi yo‘lda harakatlanayotgan oq rangli “Spark” avtomashinasi to‘xtatilib, haydovchi Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaro A.D. boshqaruvida bo‘lgan avtomashina xolislar ishtirokida tekshirildi. Unda 13 dona “Zardeks” psixotrop dori vositasi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Olib borilgan surishtiruv tadbirlari davomida A.D. ushbu dori vositalarini o‘ziga oldindan tanish R.A. dan sotib olganligi ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, 21-aprel kuni 66 dona “Zardeks” psixotrop dorisini sotayotgan vaqtida R.A. jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

A. Musayev, O‘zA