Yangi O‘zbekiston va yuksalish g‘oyasi - uning milliy g‘oya bilan bog‘liqligi nimada?
Yangi O‘zbekiston orzusi yuksalish g‘oyasi bilan hamohang bo‘lib, yuksalish tushunchasi «taraqqiy etish», «o‘sish» va «yuksak darajaga erishish»ni anglatadi.
Bu esa o‘z-o‘zicha amalga oshmaydi. U ko‘pgina shart-sharoit va omillarga bog‘liq bo‘ladi. Har bir xalq o‘z davlati va mamlakati taraqqiy etishini hamda yuksak darajaga erishishini xohlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Bugun mafkura sohasida bo‘shliq degan narsaning o‘zi hech qachon bo‘lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ongi tafakkuri hech qachon axborot olishdan, ta’sirlanishdan to‘xtamaydi. Demak, unga doimo ma’naviy oziq kerak. Agar shu ozuqani o‘zi yashayotgan muhitdan olmasa yoki muhit uni qoniqtirmasa, nima bo‘ladi? Aytinglar? Bunday ozuqani u asta sekin boshqa yerdan izlaydi. Shunga yo‘l bermasligimiz lozim», deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, insonlarning qalbi, miyasi, ongi tafakkuri hech qachon axborot olishdan, ta’sirlanishdan to‘xtamaydi. Bu ayniqsa, global o‘zgarishlar va axborot xurujlari kuchayayotgan paytda insonlar turli axborotlardan, voqea-hodisalardan xabardor bo‘lishi davr talabi. O‘zi yashayotgan muhit, ommaviy axborot vositalari uni qoniqtirish kerak. Aksincha bo‘lsa, o‘sha bo‘shliqni to‘ldirishni turli xil ijtimoiy tarmoqlardan izlaydi. Lekin hamma vaqt ham unga to‘g‘ri javob topavermaydi. Undagi yashirin maqsadlarni ko‘ra olmaydi. Unga ishonadi va to‘g‘ri deb qabul qiladi. Oxir oqibatda ong va tafakkur manipulyatsiyaga uchraydi. G‘oyaviy yuksaklik esa bunday kamchiliklarga o‘rin qoldirmaydi.
YUKSALISH G‘OYASIDA QANDAY MAQSADLAR AKS ETADI?
Yangi O‘zbekistonning yuksalish g‘oyasi – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, insonlarning hayot darajasini taraqqiy ettirish va yuksak darajaga erishishini ta’minlashda hamda odamlar ong va tafakkurida milliy g‘oyaga bo‘lgan ishonch va e’tiqod darajasida o‘z ifodasini topadi. Bunga erishishda milliy g‘oya muhim omil hisoblanadi.
Lekin milliy g‘oyani anglash oson kechmayapti. Insonlarda milliy g‘oyani tushunishda turli xil qarashlar va yondashuvlar mavjud. Ayrimlar milliy g‘oyani O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili, ularni birlashtiruvchi va yo‘naltiruvchi, safarbar etuvchi hamda xalqni xalq, millatni millat qiluvchi muhim omil deb hisoblasa, ayrimlarda esa milliy g‘oya «menga nima beradi» yoki «qorin to‘yg‘izadimi» degan qarashlar yo‘q emas. Bu milliy g‘oyani anglashda ularni turli darajada ekanligini, anglash va anglamaslik holatlari mavjudligini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, g‘oya to‘g‘risida doimo millatning eng ilg‘or vakillari o‘ylagan va ularni g‘oyaviy jihatdan kurashchanligini ta’minlagan. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, maqsadlarini aniq belgilab bergan. Maqsadi aniq bo‘lgan odam manziliga to‘g‘ri bora oladi.
Milliy g‘oyani anglashda faol insonlar (tadbirkorlar, ishbilarmonlar, ziyolilar, yoshlar, Vatan kelajagini o‘ylayotganlar, bunyodkor qatlamlar) ular bilan birga hayotlariga befarq qarab yashayotgan, ko‘proq iste’molchilik kayfiyatiga ega bo‘lgan ayrim insonlar esa o‘zlarining hayot tarzlaridan va moddiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yondashib, milliy g‘oyaga bo‘lgan ishonch va e’tiqodni ma’naviy kuch-qudrat manbai ekanligini idrok etmayotganligida ko‘rish mumkin. Milliy g‘oya hayotni o‘zgartiruvchi, farovonlikka erishish yo‘llarini ko‘rsatuvchi muhim omil ekanligini har bir inson his etishi, anglashi lozim.
MILLIY G‘OYA SOHASIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BO‘LDI?
Bu o‘zgarishlarni quyidagi yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin. Avvalo, o‘zgarishlarning keng ko‘lamli ekanligini ta’kidlash lozim. O‘zbekistonda yashayotgan ko‘p millatli xalqlar o‘rtasidagi mavjud milliy totuvlik va hamjihatlik, barqaror taraqqiyot, tinchlik, dinlararo bag‘rikenglikni amalda ta’minlashda milliy g‘oyaning o‘ziga xos o‘rni bor.
Shuni aytish kerakki, milliy g‘oya tushunchasini to‘g‘ri qabul qilishda ham ayrim anglashilmovchiliklar hamon uchrayapti. Milliy so‘zini bir millatning g‘oyasi sifatida qabul qilayotganlar milliy g‘oyani tushunishda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yadi. Milliy g‘oya bir millatning g‘oyasi emasligini, u O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlarning maqsad va manfaatlarini ifoda etadigan g‘oya ekanligini hamma hisobga olishi lozim.
Har bir millat vakili milliy g‘oyaga o‘zining g‘oyasi sifatida yoki o‘zi mansub bo‘lgan xalq, mamlakat maqsadining g‘oyaviy ifodasi ekanligini farqlashi, unga ishonch va e’tiqodi bo‘lishi lozim. Bu g‘oyaviy yuksalishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, mamlakatmizda milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar konsepsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
Uchinchidan, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishida respublikamizdagi 20 ta oliy ta’lim muassasada mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
To‘rtinchidan, milliy g‘oya targ‘iboti texnologiyalari hamda milliy g‘oya tarixi va nazariyasi ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash amalga oshirilmoqda va hokazo.
Tayyorlanayotgan kadrlar bu sohada tegishli sovrinlarda ishtirok etib, muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Buni shu soha bo‘yicha pedagog kadrlar faoliyatida va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda o‘tgan yillar davomida sohada muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Insonlar o‘z oldilariga ulug‘ va bunyodkor maqsadlarni qo‘yishlari va unga erishishlari uchun ham milliy g‘oya to‘g‘risida o‘ylashlari, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ma’naviy-ruhiy kuchga ega ekanligini anglashlari va g‘oya atrofida birlashishlari, ta’lim-tarbiya orqali hayotga tatbiq etishlari zarur. Bu ularni ijtimoiy faollikka undaydi va milliy g‘oyaga daxldorlikni his etish tuyg‘usini oshiradi. Yaxshi yashash va farovon hayotga erishish uchun ilm-fan yutuqlarini, kasb-hunar sirlarini egallashi lozimligiga iqror bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va yuksaltirish vazifasi umummilliy maqsadga aylanishi lozim. Buni yoshlar ham alohida hisobga olishi zarur.
Abu Nasr Forobiy ta’kidlaganidek, «Inson baxt-saodat nimaligini tushungan bo‘lsa-yu, unga erishishni maqsad qilib olmasa, g‘oya va xohishiga aylantirilmagan bo‘lsa, unga nisbatan ozgina bo‘lsa-da, shavq va zavq sezmasa, istak va mulohazasini, kuch va quvvatini boshqa narsalarga sarflasa, bu qilmishlari yomon va noo‘rindir....».
Darhaqiqat, milliy g‘oyaning zarurligini tushunyapmiz, lekin u hali hammaning ham xohish-istagiga aylanmayotganligining asosiy sababi, g‘oyaviy yuksalish hoyu-havas emas, aksincha, insonlarning hayotiy maqsadiga aylanishi kerak.
Milliy g‘oya insonlarning ong-tafakkuri, orzu-istaklari, niyatlari, mulohazalarida aks ettirilsa va kuch-quvvati hamda ishonch-e’tiqodini to‘g‘ri yo‘naltira olsagina haqiqiy baxt-saodat nimada ekanligini his qilish mumkin. Shundagina g‘oyaviy yuksalishga erishishi mumkin. Milliy g‘oya inson hayotining uzviy bo‘lagi bo‘lib, unga suv va havodek kerakligini his etishi lozim. Shu ma’noda milliy g‘oya bizga nimaga kerak deganlar xato qiladilar. Buni to‘g‘ri va sog‘lom fikr deb bo‘lmaydi. Sog‘lom fikrlaydigan odamlar milliy g‘oyasiz yashay olmasligini, uning milliy g‘oyasi o‘zligini anglatuvchi g‘oya bilan mushtarakligini va uning g‘oyasida vatan manfaati, uning istiqboli, har bir insonning erkinligi, qadr-qimmati mujassamlashganligini ko‘ra oladi. Shu ma’noda milliy g‘oya Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasining o‘ziga xos konsepsiyasidir deyish mumkin. Bu konsepsiyada adolat va qonun ustuvorligi, xalqparvar davlat poydevor ekanligini anglash orqali unda adolat va qonunga bo‘lgan hurmat shakllanadi. U har bir inson maqsadlari bilan uyg‘unlashadi.
Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va iqtisodiyotga jamiyat hayotining tanasi sifatida qarash, uni milliy g‘oya maqsadlari bilan uzviy bog‘ligini ko‘ra olish va iqtisodiyotning rivojlanishiga milliy g‘oya maqsadlaridan kelib chiqqan holda yondashishgina ma’naviy yuksalish g‘oyasiga xizmat qiladi.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuksalish g‘oyasining mohiyati va imkoniyatlarini yuksalish g‘oyasi orqali milliy g‘oya maqsadlariga xizmat qiladi. Bular tub insonparvarlik g‘oyasi bilan hamohang bo‘lib, u qancha o‘z mohiyatiga yaqin bo‘lsa, shuncha g‘oyaviy jihatdan yuksalib boradi. Bunda sog‘liqni saqlash, sog‘lom turmush tarzi madaniyatiga erishish, ta’lim-tarbiya imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ilm-fanga innovatsion taraqqiyotning asosi sifatida qarash g‘oyalarining amalda namoyon bo‘lishi g‘oyaviy yuksaklikning o‘ziga xos yo‘nalishlaridir. Chunki bu yo‘nalishlar har bir insonning hoyu-havasiga emas, aksincha, baxtli, saodatli yashashi uchun xizmat qilishini anglaydi va unga ishonch-e’tiqodi yuqori bo‘ladi.
G‘oyaviy yuksaklikka erishish uchun ayrim g‘oyasizlik ko‘rinishlaridan xalos bo‘lishimiz, g‘oya bilan g‘oyaning farqiga borishimiz muhim ahamiyatga ega. G‘oyaviy yuksaklikka ma’naviy taraqqiyotsiz erishib bo‘lmaydi.
G‘oyaviy yuksalishga milliy g‘oya rivojisiz erishib bo‘lmaydi. G‘oyaviy yuksalish milliy g‘oyamizga zid bo‘lgan g‘oyaviy illatlarni ko‘rishi va uni bartaraf eta olganligi bilan ahamiyatli.
G‘oyaviy yuksaklikka erishish ham murakkab keng ko‘lamli jarayon ekanligini har bir fuqaro ayniqsa yosh avlod vakillari buni to‘g‘ri baholay olishlari zarur. Buning uchun har bir kishidan o‘z vatani, ya’ni O‘zbekistonni yutuqlarini ham va ayrim muammolarini ham xolis hisobga olishi va o‘zining pozitsiyani milliy manfaatdan kelib chiqib bildirishni taqozo etadi. Afsuski, hamma ham bu tamoyilga amal qilayotgani yo‘q. O‘zi bilib yoki bilmagan holda ayrim yot va zararli g‘oyalar uchun ozuqa bo‘ladigan fikrlarni o‘rtaga tashlamoqdalar. Bu milliy g‘oyamizga ham tegishli bo‘lib, ayrim yoshlarni milliy g‘oyaga nisbatan ishonch-e’tiqodini yuksalishiga emas, aksincha, g‘oyasizlikka undashga sabab bo‘lmoqda. Milliy g‘oyaga ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otmoqda. Bunga boshqa ayrim sabablar ham borligini hisobga olish kerak.
Xususan, ayrim shaxslar tomonidan mavjud qonunlarni hurmat qilmaslik, qonun ustuvorligiga tayanmaslikning saqlanib qolayotganligi, adolat prinsiplarining buzilishi, adolatga bo‘lgan ishonchsizlik kayfiyatning yashab qolayotganligi, oshna-og‘aynigarchilik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, kompetentlikning yetishmasligi, shuningdek, loqaydlik, befarqlik, nigilizm, ya’ni erishilayotgan yutuqlar va qadriyatlarning faqat salbiy tomonlarini ko‘rish hamda hamma narsaga salbiy qarash mavjudligi holatlari milliy g‘oyamizga to‘g‘ri kelmaydi. Bu g‘oyaviy yuksalishga to‘siq bo‘ladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlar muammolariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim sohalarida islohotlar kengaymoqda. Yoshlarni ta’limga jalb qilish imkoniyatlari oshmoqda. Ammo, ayrim yoshlarning ilm olishga bo‘lgan intilishi tubdan o‘zgaryapti deb ayta olmaymiz. Ayni paytda ayrim yoshlar orasida xorijga borib ishlash kayfiyatining yuqori ekanligi, qayerda yashash va pul topish oson bo‘lsa, o‘sha joyni vatan deb qarayotgani, o‘z vatanlariga esa vatanparvarlik tuyg‘usining yetishmayotganlik holatlari o‘ylashga majbur qiladi.
Bu milliy g‘oya maqsadlarining yoshlar ongida ular uchun qadrli bo‘lgan qadriyatlar tizimini o‘zgartirishga, qadrsizlantirishga bo‘layotgan, uning o‘rnida G‘arbga xos bo‘lgan qadriyatlarni olib kirishga bo‘layotgan urinishlar milliy g‘oyaga bo‘lgan ishonch-e’tiqodini susayishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim yoshlarning shuning ta’siriga tushayotganligi ham sir emas. Milliy qadriyatlarimiz hisobiga boshqa xalqlar qadriyatlarini qabul qilib bo‘lmaydi. Bunga tarixdan misollar keltirish mumkin.
Milliy g‘oyani to‘liq anglamaslik turli avlodlar o‘rtasida muloqotga bo‘lgan ehtiyojni paydo qilmoqda. Uni hisobga olish va unga javob berish, avlodlarni bir-birlarini tushunishga erishish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tushunish milliy g‘oya negizlarini anglashga yordam beradi.
Bugun o‘zini O‘zbekiston fuqarosi deb bilgan har bir inson ma’naviy tiklanishga, milliy yuksalishga, o‘zligimizni anglashga xizmat qiladigan ayrim qusurlarimizni bartaraf etishga yordam beradigan amaliy tafakkurga suyanishlari lozim. Bu o‘zlarini shunchaki ayrim chiqishlarga yoki yot va zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklarini taqozo etadi. Bu bilan barqaror taraqqiyotning kushandasi bo‘lgan illatlar, radikal yondashuvlar, ekstremizm va terrorizm ko‘rinishidagi zararli g‘oyalarning oldini olishga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi.
G‘oyaviy yuksaklikka so‘z yoki g‘oyadagi ayrim yangicha fikrlar hamda yondashuvlar orqali yangicha libos kiydirish yo‘li bilan hal etib bo‘lmaydi. Aksincha, odamlarni, ayniqsa yoshlarni ezgulikka, bunyodkorlikka oshno qilish orqali g‘oyaviy yuksalishga erishish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi g‘oyaviy yuksaklikka erishishni taqozo etadi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy-ma’naviy hayotida yoshlar ongi va tafakkurida, ishonch va e’tiqodida, maqsadlarini amalga oshirishda, ijtimoiy hayot sohalarida ishtirok etishida va yangi sifat o‘zgarishlarini amalga oshishi bilan bog‘liqdir.
Ikkinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yuksalish g‘oyasi quyidagi g‘oyaviy yo‘nalishlarda Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi, Yangi O‘zbekiston - raqobatbardosh mahsulotlar yurti, yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish, ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustaheamlash, shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash ko‘nikmasini shakllantirish, kitobsevar millat umummilliy g‘oyasi, ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish va ularning ta’siriga tushib qolganlar bilan tizimli ishlash orqali muammolarini bartaraf etish, jaholatga qarshi ma’rifat hamda Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans g‘oyasining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash g‘oyalarida o‘zining aniq ifodasi topmoqda.
Uchinchidan, g‘oyaviy yuksalish O‘zbekistonning orzusini o‘zida mujassamlashtiradi va O‘zbekiston jamiyatining g‘oyaviy-mafkuraviy hayotida sodir bo‘lgan, odamlar ongi va tafakkurida, milliy o‘zligini anglashda o‘z ifodasini topayotgan milliy-ma’naviy tiklanish, milliy g‘oyani rivojlantirish, unga nisbatan har bir fuqaroning ishonch va e’tiqodini mustahkamlash hamda uni yuksaltirishga daxldorlik hissi orqali amalga oshib boradi.
To‘rtinchidan, g‘oyaviy yuksaklikka erishish yoshlarni milliy g‘oyani o‘zlarining g‘oyasi sifatida ko‘rishiga undaydi. Buning uchun yoshlar milliy g‘oyani anglashda ularni qaysi sohada ta’lim olayotganligidan qat’i nazar, fan-ta’lim sohasida erishayotgan yutuqlarini Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda uni eng ulug‘ maqsad va marralarni egallashga undaydigan, Vatanga daxldorlik hissini va fuqarolik madaniyati tarbiyalashi hamda yuksalishiga xizmat qiladi.
Beshinchidan, bugun jamiyat va insonlar hayotini g‘oyasiz tasavvur qilib bo‘lmasligi uni milliy g‘oyaga bo‘lgan ehtiyojni saqlanib qolishiga asos bo‘ladi. Bu esa milliy g‘oyani rivojlantirishni, unga bo‘lgan talab va ehtiyojni hisobga olishni taqozo etadi.
Ibodulla Ergashev,
O‘zMU Fuqarolik jamiyati va huquq ta’limi kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori