“Qambarota GES-1” loyihasi yuzasidan galdagi muzokaralar o‘tkazildi
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi Energetika vazirliklari o‘rtasida o‘rtasida “Qambarota GES-1” loyihasini amalga oshirishga doir hukumatlararo bitim yuzasidan galdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda ikki davlatning mutasaddi idoralari va sohaviy tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Jahon banki delegatsiyasi ham kuzatuvchi sifatida qatnashib, loyihada xalqaro moliyaviy hamkor sifatidagi ishtirokini yana bir bor tasdiqladi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha Markaziy Osiyoda suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek, energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik tashabbus sanaladi.
Rejaga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi hududida joylashgan Norin daryosida quvvati 1880 MVt bo‘lgan zamonaviy gidroelektr stansiyasi barpo etiladi. Bu esa nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki butun mintaqaning energetika barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida mintaqa davlatlari uchun energiya xavfsizligini mustahkamlash, “yashil” energiya manbalari ulushini kengaytirish hamda ekologik barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ortadi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hukumatlararo kelishuvni kelishish jarayonini faol davom ettirish va loyihani amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA