Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti poydevori inson qadri tamoyili asosida mustahkamlanmoqda
Mustaqillik – xalqning tarixiy xotirasi, milliy g‘ururi va kelajakka bo‘lgan ishonchini mujassam etgan bebaho qadriyat. Aynan istiqlol tufayli O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash, milliy manfaatlarini himoya qilish hamda xalq farovonligini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori (DSc) Jaloliddin Yusubov shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Xalqimiz mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini ulkan bunyodkorlik ishlari, izchil islohotlar va salmoqli natijalar bilan qarshi olmoqda.

1991-yil 1-sentabrda qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligi O‘zbekiston tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Yangi siyosiy-huquqiy tizim shakllandi, milliy davlatchilik asoslari mustahkamlandi, xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi ro‘yobga chiqdi. Eng muhimi, istiqlol tufayli milliy o‘zlikni anglash jarayoni yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mustaqillik yillarida xalqimizning boy ma’naviy merosi qayta tiklandi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy singari buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’rifiy merosi chuqur o‘rganila boshlandi. Jadid ma’rifatparvarlari faoliyatiga xolis baho berildi.
Ona tilining davlat tili sifatidagi mavqei mustahkamlandi, milliy qadriyatlar va urf-odatlarimizga yangi mazmun baxsh etildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlarimiz nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo e’tiboridagi madaniy va turistik maskanlarga aylandi.
Bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichi “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida davom etmoqda. Bu g‘oya markazida esa inson qadri, uning huquq va manfaatlari turadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Islohotlarning tub mohiyati ham, avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash va adolatli jamiyatni barpo etishga qaratilgan.
Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar kelajak taraqqiyotining eng muhim omillaridan biridir. Maktabgacha ta’lim qamrovi kengaydi, zamonaviy maktablar va oliy ta’lim muassasalari soni ortdi, oliy ta’limga qamrov bir necha barobar oshdi. Xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va zamonaviy kasblarni egallash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning raqobatbardoshligini oshirmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishiga qaratilgan e’tibor jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Bularning barchasi Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy himoya tizimida ham inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar shakllandi. “Mahalla yettiligi” tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi mexanizmlar orqali aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratildi. Mahalla institutining vakolatlari kengaytirilib, fuqarolarning muammolarini bevosita joylarda hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
Iqtisodiy islohotlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Ochiq bozor tamoyillari, valyuta erkinligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish hamda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda. Hududlarda yangi sanoat korxonalari, ishlab chiqarish quvvatlari va minglab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida ham salmoqli natijalarga erishildi. Inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi.
Tashqi siyosatda ham mutlaqo yangi yondashuv shakllandi. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan siyosati Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamladi.
Mamlakatimiz bugun BMT, SHHT, TDT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida global xavfsizlik, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish masalalarida muhim tashabbuslar bilan chiqayotgan faol davlatlardan biriga aylandi.
Mustaqillikning 35 yillik taraqqiyot yo‘li shuni yaqqol ko‘rsatadiki, har qanday yuksalishning asosida xalqning birdamligi, fidokorona mehnati va Vatanga sadoqati mujassam. Bugungi Yangi O‘zbekiston ana shu ulkan salohiyatga tayangan holda o‘z oldiga yanada yuksak marralarni qo‘ymoqda.
Istiqlol xalqni buyuk maqsadlar sari yetaklaydigan beqiyos kuchdir. Inson qadrini ulug‘lash esa davlat taraqqiyotining eng muhim mezonidir. Mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan yo‘l va erishilgan natijalar shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston o‘zining demokratik taraqqiyot yo‘lidan qat’iy odimlab bormoqda. Bu yo‘lda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, milliy birlik va yuksak ma’naviyati eng katta tayanch bo‘lib qolaveradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA