Donorlik – beg‘araz yaxshilik
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir otaning iltijoli murojaatiga ko‘zim tushib qoldi: “Farzandimning ahvoli og‘ir. Unga shoshilinch ravishda eng kam uchraydigan — AB (IV) manfiy (Rh−) qon turi kerak. Iltimos, kimda imkon bo‘lsa yordam bering”...
Ba’zan inson hayotini saqlab qolish uchun katta kashfiyot yoki murakkab texnologiya emas, savob yo‘lida bergan qoni yetarli bo‘lishi mumkin. Donorlikning eng katta qadri ham shunda — inson o‘zi bilmagan boshqa bir insonga hayot uchun imkoniyat beradi. Shu ezgu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Sport ilmiy-amaliy markazida “Mehr ulash” donorlik aksiyasi tashkil etildi. Aksiyada Agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq xodim ko‘ngilli ravishda ishtirok etib, qon topshirdi. Ularni bir maqsad — qonga muhtoj insonlarga yordam berish va hayot uchun zarur bo‘lgan ezgulikni ulashish istagi birlashtirdi.

Qonga ehtiyoj tug‘ilgan vaziyatda vaqtning har bir daqiqasi muhim. Ayniqsa, og‘ir jarohat olganlar, jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar va qon komponentlariga ehtiyoj sezadigan insonlar uchun donorlar tomonidan berilgan qon hayotiy ahamiyatga ega. Shu bois donorlikni shunchaki tibbiy jarayon deb emas, insonning boshqa bir inson hayotiga qo‘shgan hissasi sifatida baholash mumkin. “Mehr ulash” aksiyasi ham ana shu g‘oyani keng targ‘ib qilishga qaratildi. Unda ishtirok etgan har bir xodim o‘z qoni orqali kimningdir og‘ir kunini yengillashtirishga hissa qo‘shdi.

Aslida donorlik — madaniyatga aylanishi kerak. Aksiyaning asosiy maqsadi ham nafaqat qon topshirish, balki jamiyatda donorlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, qonga ehtiyoj sezayotgan insonlarga amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, mehr-oqibat va hamjihatlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Bugun bir inson donor bo‘lsa, ertaga uning yordami boshqa bir oila uchun eng qimmatli tuhfaga aylanishi mumkin. Eng muhimi, donor qoni kimning hayotini o‘zgartirishini ko‘pincha bilmaydi. Ammo uning qilgan yaxshiligi natijasida kimdir yana bir kunni, yana bir oyni, balki butun umrni yashash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, donorlik — beg‘araz yaxshilikning eng ta’sirli ko‘rinishlaridan biri.

Zero, mehrni ulashish uchun katta imkoniyat yoki boylik shart emas. Ba’zan insonning o‘zida bor bo‘lgan eng qimmatli ne’mat — qoni boshqa bir inson uchun hayot umidiga aylanishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA