“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning 2-bosqichi o‘tkazildi
Shu kunlarda hududlarda “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining 2-bosqich bahslari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni saralash hamda talabalar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan mazkur musobaqalar ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent viloyati oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida basketbol 3x3 sport turi bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalar ushbu sport turiga yoshlar o‘rtasida qiziqish nechog‘li yuqori ekanini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport maydonchasida yuqori saviyada tashkil etilgan bahslarda hududda joylashgan bir qator oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talaba-yoshlari ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdi.

Qiziqarli kechgan musobaqalar yakunida erkaklar jamoalari o‘rtasida Astraxan davlat texnika universiteti Toshkent viloyati filiali jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayollar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Toshkent davlat agrar universiteti talaba-qizlari yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” 2-bosqichida Chirchiq davlat pedagogika universiteti hamda Angren universiteti jamoalari sovrinli o‘rinlardan joy egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA