“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”: bugun basketbol, suzish, stol tennisi bo‘yicha saralash o‘yinlari o‘tkaziladi
Bugun, 8-iyun kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” hamda Chirchiqdagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmualarida o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” dasturidan o‘rin olgan voleybol musobaqalarining final bahslari o‘tkazilsa, gandbol va futbol jamoalari yarim finalda kuch sinashadi.
Shuningdek, bugun basketbol, suzish va stol tennisi bo‘yicha dastlabki saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha gandbol bo‘yicha musobaqaning yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Andijon davlat pedagogika instituti Jizzax davlat pedagogika universitetini 37:25 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Chirchiq davlat pedagogika universitetidan ustun kelgan bo‘lsa, Namangan davlat universiteti Samarqand davlat pedagogika institutini dog‘da qoldirdi. Navoiy davlat universiteti gandbolchilari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini 47:24 hisobida yengib, kunning eng yirik hisobini qayd etdi.
Bugun ayollar o‘rtasida Andijon davlat pedagogika instituti hamda O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Namangan davlat universiteti va Navoiy davlat universiteti jamoalari yarim final o‘yinida to‘qnash keladi.

Erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlarda Namangan davlat universiteti Navoiy davlat universitetini 31:20 hisobida yenggan bo‘lsa, Samarqand davlat universiteti va Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘rtasidagi uchrashuv 42:40 hisobida yakunlandi. Andijon davlat pedagogika instituti Guliston davlat pedagogika institutini yenggan bo‘lsa, Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti ustidan g‘alaba qozondi.
Bugun Namangan davlat universiteti Samarqand davlat universitetiga qarshi maydonga tushsa, Andijon davlat pedagogika instituti Farg‘ona davlat universiteti bilan final yo‘llanmasi yo‘lidagi bahsda ro‘baro‘ keladi.

Kecha “Olimpiya shaharchasi”da o‘tayotgan talabalar musobaqalarini bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari qatorida xorijlik mehmonlar, diplomatik korpus vakillari ham kuzatib bordi.
Jumladan, voleybol va gandbol bahslarini O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev birgalikda kuzatdi.
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” 9-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA