Samarqandlik og‘ir atletikachilar Tojikiston turnirida muvaffaqiyatga erishdi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida taniqli sportchi Dadaxon Sangov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirda mamlakatimiz vakillari 8 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Akobir Usmonov va Shokir Asadov murabbiyligidagi Samarqand viloyati terma jamoasi a’zolari ishtirok etgan turnirda og‘ir atletikachilarimizdan Sanjar Abdurashidov hamda Ma’murjon Bekmurodov saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi va shiddatli kurashlar sarhisobiga ko‘ra, oltin medal sohibiga aylandi.
Hamyurtlarimizdan Behruz Bozorov, Shahboz Azizov, Navro‘zjon Narzullayev, Elnur Qurbonov va Faxriddin Yesergapov kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Otabek Shukrulloyev bronza medalga egalik qildi. Yosh sportchimiz Shohjahon Omonov musobaqani 5-o‘rinda yakunladi.
Xalqaro turnirning jamoaviy bahslarida Tojikiston terma jamoasi birinchi, O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi, Qirg‘iziston vakillari esa uchinchi o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA