YANGI O‘ZBEKISTON • YANGI ODIL SUDLOV
Sudya faqat qonunni bilishi yetarlimi? Bugungi murakkab zamonda ushbu savolning bitta javobi mavjud.
Bu ham bo‘lsa, yo‘q. Chunki zamonaviy sudya bir vaqtning o‘zida huquqshunos, tahlilchi, kuchli kommunikator, raqamli texnologiyalarni tushunadigan mutaxassis va eng muhimi, mas’uliyatli vakolat qarshisida ichki axloqiy tayanchini yo‘qotmaydigan shaxs bo‘lishi kerak. Odil sudlov akademiyasida 2025-2026-yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar ana shu yangi talabning institutsional javobiga aylanmoqda. Bu jarayonni bir jumla bilan ifodalash mumkin. Akademiya endi faqat bilim beradigan muassasa emas, adolatning kelajagini loyihalaydigan intellektual platformaga aylanmoqda.
Bir farmon - yangicha yondashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-141-son Farmoni sud tizimi uchun kadrlar tayyorlashni oddiy o‘quv jarayonidan kengroq masala sifatida belgiladi. Hujjatning mantig‘i aniq, ya’ni professional sudyalar korpusini shakllantirish uchun ta’lim, ilm-fan va amaliyot bitta uzviy zanjirga aylanishi kerak.
Farmonda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, sud faoliyatini ilmiy-uslubiy ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish ustuvor maqsad sifatida qayd etilgan. Xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan samarali hamkorlik ham shu tizimning ajralmas qismidir.
Demak, gap faqat yangi nom yoki yangi tuzilma haqida emas. Gap sudya tayyorlash falsafasining o‘zgarishi haqida ketmoqda. Ya’ni, “qonunni yod bilish”dan murakkab vaziyatni tahlil qilishga, “tayyor javob”dan asoslantirilgan qarorga, yopiq akademik muhitdan milliy va xalqaro bilimlar almashinuviga o‘tish haqida.
Reja qog‘ozda qolmadi, ya’ni boshqaruv arxitekturasi yangilandi
Islohotning ishonchliligi avvalo uning qanday boshqarilayotganida ko‘rinadi. Farmonda belgilangan vazifalarini akademiya faoliyatiga real tatbiq etish uchun ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi strategik rivojlanish, ilmiy salohiyat, raqamlashtirish, xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalarni yagona tizimga bog‘ladi.
Yanvar–iyul oylarida Akademiya faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida 50 dan ortiq ichki me’yoriy hujjat yangi tahrirda ishlab chiqildi. Bu raqamning ortida muhim boshqaruv g‘oyasi bor. Katta islohotlar shior bilan emas, aniq qoida, vakolat, mezon va javobgarlik bilan ishlaydi. Akademiya tomonidan 2030-yilgacha strategik rivojlanish dasturini ishlab chiqish, har bir tuzilma va mas’ul ijrochi uchun o‘lchanadigan KPIlarni joriy etish, “Kafedralar reytingi” va “Yilning eng yaxshi pedagogi” tizimlarini joriy etish kabi vazifalar belgilangan. Bu yondashuv akademik faoliyatda tadbirlar sonini emas, balki ular orqali yaratilgan natija, ta’sir va qiymatni asosiy mezon sifatida belgilaydi.
Smart Library tizimi bu ilmiy yondashuvga asoslangan infatuzilma
Bugun kuchli tadqiqotchi bilan zaif tadqiqotchini ko‘pincha iste’dod emas, balki sifatli manbaga kirish imkoniyati ajratib turadi. Akademiyada ishga tushirilgan “Smart Library” platformasi shu tengsizlikni qisqartirishga xizmat qilmoqda. Axborot resurs markazida EBSCO, ProQuest va Oxford University Press kabi resurslarni o‘z ichiga olgan jami 30 dan ortiq xalqaro ilmiy hamda sud amaliyoti bazasiga bepul kirish imkoniyati yaratildi. Bu bitta tugma orqali dunyoning yetakchi ilmiy maqolalari, qiyosiy-huquqiy tahlillari va sud amaliyoti materiallari bilan tanishish imkoniyati demakdir.
“Raqamli akademiya” bu boshqaruvdan bilimgacha yagona ekotizim
Akademiya faoliyatining raqamlashtirilishi va “Raqamli akademiya” - E-Academy elektron platformasining ishga tushirilishi innovatsiyaning keyingi qismidir. Ammo uning haqiqiy qiymati kompyuter ekranida emas, qaror qabul qilish tezligi va ma’lumotning izchilligida namoyon bo‘ladi desak adashmagan bo‘lamiz.
Raqamli ekotizim ta’lim jarayoni, monitoring, resurslardan foydalanish va ichki boshqaruvni bir-biridan uzilgan bo‘laklar sifatida emas, yagona ma’lumotlar oqimi sifatida ko‘rish imkonini beradi. Farmonda belgilangan zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan amaliy foydalanish ko‘nikmalari aynan shunday muhitda tabiiy kompetensiyaga aylanadi.
Bu yerda muhim mezon texnologiya insonni almashtirishi emas, uning professional mas’uliyatini kuchaytirishidir. Sun’iy intellekt tezkor tahlil qilishi mumkin, biroq adolat, mutanosiblik, inson qadr-qimmati va vijdon masalalarida yakuniy mas’uliyat inson zimmasida qoladi. Akademiyaning vazifasi texnologiyadan hayratlanadigan emas, undan mas’uliyat bilan foydalana oladigan sudyani tayyorlashdir.
Odil sudlov ilmining xalqaro maydonga chiqishi
Milliy ilm-fanning kuchi faqat ichki muhokamada emas, xalqaro ilmiy muloqotda qay darajada eshitilishida ham o‘lchanadi. Shu maqsadda ingliz tilidagi “International Journal of Justice” xalqaro ilmiy-amaliy elektron jurnali ta’sis etildi. Ushbu platforma O‘zbekistonda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni global akademik hamjamiyatga olib chiqish, xorijiy mualliflarni jalb etish va qiyosiy tadqiqotlar uchun yangi maydon yaratishga xizmat qiladi.
Akademiyaning “WURI 2026”, “AppliedHE Ranking 2027” va “UI GreenMetric” xalqaro reyting platformalarida profillari ishga tushirilgani ham shu ochiqlik siyosatining davomi hisoblanadi. Aytish kerakki, reyting bu shunchaki o‘rin uchun kurash emas. U akademiyani o‘z natijalarini o‘lchashga, xalqaro mezonlarda ko‘rsatishga va ichki jarayonlarini solishtirishga xizmat qiladigan tashqi oynadir. Shu bilan birgalikda, Akademiya vakillarining dunyodagi nufuzli ilmiy-huquqiy tuzilmalardan biri International Association of Penal Law (AIDP) a’zoligiga qabul qilinishi O‘zbekiston yuridik ilm-fanining xalqaro professional tarmoqlardagi ishtirokini yanada kengaytirdi.
Chegara bilmas bilimni afzal ko‘ruvchi hamkorlik geografiyasi
Akademiya 15 dan ortiq ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Toshkent mediatsiya markazi, Kriminologiya tadqiqot instituti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Parlament tadqiqotlari instituti, Ayol sudyalar assotsiatsiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti kabi hamkorlar bilan aloqalar fan, amaliyot va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlamoqda.
Yaponiya, Turkiya va Qozog‘istonga amalga oshirilgan tashriflar esa xorijiy tajribani joyida o‘rganish, sudyalarni tayyorlashning turli modellarini qiyoslash va samarali yechimlarni milliy tizimga moslashtirish imkonini berdi. UNICEF bilan hamkorlikdagi “Voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish” loyihasi bunga aniq misol bo‘la oladi. Loyiha doirasida amaliy qo‘llanma tayyorlandi, 30 nafar sudya uchun xalqaro ekspert Karen Myuller ishtirokida uch kunlik trening o‘tkazildi. Bu yerda xalqaro hamkorlik protokol emas bolaning huquqini himoya qiladigan amaliy bilimga aylandi.
Halollik bu qo‘shimcha mavzu emas, ilmiy tizimning operatsion tamoyili
Ilmiy salohiyatga ishonch binolar yoki texnologiyalar bilan emas, tadqiqotchi insonning akademik halolligi bilan o‘lchanadi. Shu sababli Akademik halollik va etik yuksalish kengashining tashkil etilishi alohida ahamiyatga ega.
Mazkur Kengash ilmiy natijaning ishonchliligi, mualliflik mas’uliyati, manfaatlar to‘qnashuvi va akademik muhitdagi adolatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashabbusning ramziy ma’nosi shuki, kuchli adolatni o‘rgatadigan muassasaning o‘zi ham bilim yaratishda eng yuqori halollik mezoniga amal qilishi shart. Doktorantlar bilan ishlashning yangicha tizimi ham ilmiy darajani yakuniy hujjat emas, muntazam tadqiqot madaniyatining natijasi sifatida ko‘rishga qaratilgan. Ilmiy rahbarlik, monitoring, metodologik ko‘mak va amaliyot bilan aloqa kuchaysa, dissertatsiya javonda qoladigan matn emas, tizim uchun ishlaydigan bilimga aylanadi.
Ilm jamiyatga yetib bormasa, u yarim kuch bilan ishlaydi. Axborot-tahliliy faoliyatning eng muhim mezoni bu murakkab huquqiy mazmunni odamlar tushunadigan holatga keltirish demakdir. Shu sababli akademiyada sud-huquq sohasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlariga professor-o‘qituvchilar tomonidan tezkor, qisqa va sodda sharhlar berish tizimi joriy etildi. “Sud-huquq 360 | Akademiya minbari” Telegram kanalida 200 dan ortiq qonunchilik hujjatiga sharh berilgani huquqiy axborot bilan fuqaro o‘rtasidagi masofani qisqartirmoqda. Qonun rasmiy matnda mavjud bo‘lishi yetarli emas, uning inson hayotiga qanday ta’sir qilishini tushuntirish ilmiy institutlarning mas’uliyatidir.
Huquqiy himoyaga muhtoj va ijtimoiy ehtiyojmand fuqarolarga bepul maslahat hamda amaliy yuridik yordam ko‘rsatuvchi Pro Bono yuridik klinikasining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani esa ta’lim, ilm va ijtimoiy mas’uliyatni bir nuqtada birlashtirdi. Bu yerda tinglovchi real muammoni ko‘radi, fuqaro real yordam oladi, Akademiya esa amaliyotdagi tizimli muammolar haqida bevosita ma’lumotga ega bo‘ladi.
Jamoatchilik kengashi, Xotin-qizlar kengashi, korrupsiyaga qarshi “@odilsudlovak_antikor_bot” va “RektorMurojaat_bot” kabi aloqa kanallari ochiqlikni bir martalik tadbir emas, kundalik boshqaruv mexanizmiga aylantiradi. “SpeakUp: Judicial Edition” klubi esa xorijiy tilda erkin muloqot qila oladigan, xalqaro professional maydonda o‘z fikrini himoya qila oladigan yangi avlod huquqshunoslarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yangi bosqich – yangi marralar
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Odil sudlov akademiyasi adolat kelajagini loyihalaydigan milliy, ilmiy va innovatsion markaz sifatida shakllanmoqda. Shu o‘rinda bir savol yuzaga keladi, endi bu harakat qaysi aniq marralarga qarab yo‘nalishi kerak? Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi tizimli ravishda javob beradi.
Strategiya sud tizimidagi navbatdagi o‘zgarishlarni alohida tadbirlar yig‘indisi sifatida emas, yaxlit taraqqiyot modeli sifatida belgilamoqda. Uning markazida “Sudlar - xalqchil va adolatli odil sudlov qo‘rg‘oni va Yangi O‘zbekistonning haqiqat ustuni” degan g‘oya turibdi. Bu g‘oyaning amaliy mazmuni esa oltita ustunda namoyon bo‘ladi, ya’ni “Xalqchil sud”, “Adolat qo‘rg‘oni”, “Kafolatlangan adolat”, “Adolat posbonlari”, “Raqamli odil sudlov” va “Xalqaro e’tirof”.
Bir qarashda bu ustunlar faqatgina sudlar faoliyatiga oiddek ko‘rinadi. Aslida esa ularning har biri sudyani tayyorlash, uning professional dunyoqarashini shakllantirish, bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab borish bilan bevosita bog‘liq. Demak, “Odil sudlov – 2030” strategiyasining mohiyati faqat sud binosida emas, Akademiya auditoriyasida, o‘quv jarayonlarida, ilmiy laboratoriyada ham namoyon bo‘ladi.
Oltita ustun yakdil professional qiyofa demakdir
“Xalqchil sud” sud-huquq faoliyatini jamiyatga yaqinlashtirishni talab qiladi. Bu faqat elektron murojaat yoki ochiq axborot bilan cheklanmaydi. Fuqaro sud hujjatini o‘qib tushunishi, sud jarayonida o‘zini eshitilgan deb his qilishi, sudyaning munosabatida qonun bilan birga inson qadrini ham ko‘rishi kerak. Shu ma’noda, Akademiyada sud qarorlarini sodda, qisqa va mantiqan tushunarli yozish, fuqarolar bilan samarali muloqot qilish hamda murakkab huquqiy mazmunni xalqchil tilda ifodalash ko‘nikmalari asosiy kompetensiyaga aylanadi.
“Adolat qo‘rg‘oni” mustaqillikni faqat tashqi ta’sirdan himoya sifatida emas, sudyaning ichki professional barqarorligi sifatida ham talqin qilishni taqozo etadi. Bilimi yetarli, biroq stress, bosim yoki manfaatlar to‘qnashuvi qarshisida o‘z mezonini yo‘qotadigan mutaxassis mustaqil qaror qabul qila olmaydi. Shu bois intellektual salohiyat, emotsional intellekt, stressga chidamlilik va korrupsiyaga bardoshlilikni birgalikda baholash odil sudlov mustaqilligining ta’limdagi poydevoridir.
“Kafolatlangan adolat” esa sud qarorining qonuniy bo‘lishidan tashqari, asoslantirilgan, barqaror va ijro etish uchun qulay bo‘lishini talab qiladi. Bu yo‘nalishda Akademiya oldiga sud hujjatlariga qo‘yiladigan talablarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqishda ishtirok etish, murakkab bo‘lmagan va nizosiz ishlar uchun qisqartirilgan shakllarni ishlab chiqish hamda sud hujjatlarini tuzishning yangilangan yagona standartlarini yaratish vazifasi qo‘yilgan. Natijada sud hujjati faqat professionallar tushunadigan matn emas, buzilgan huquq qanday tiklanganini fuqaroga aniq ko‘rsatadigan adolat tiliga aylanishi lozim.
“Adolat posbonlari” ustuni strategiyaning inson kapitaliga doir o‘zagidir. Chunki eng mukammal qonun, eng zamonaviy bino va eng tezkor elektron tizim ham uni halol va malakali inson boshqarmasa, kutilgan natijani bermaydi. Bu ustun xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirishni ko‘zda tutadi. Akademiya uchun bu vazifa diplom berish bilan emas, shaxsni kasbga tayyorlashning butun hayotiy siklini boshqarish bilan o‘lchanadi.
“Raqamli odil sudlov” sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar orqali fuqaro uchun qulay hamda tezkor muhokama imkoniyatini yaratishni nazarda tutadi. Lekin raqamli sudning sifati dasturlar soni bilan emas, ulardan huquqiy va axloqiy jihatdan to‘g‘ri foydalana oladigan kadrlar bilan belgilanadi. Elektron dalilni baholash, sun’iy intellekt natijasining chegarasini anglash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va algoritm ortidagi ehtimoliy xatoni ko‘ra bilish kelajak sudyasining oddiy emas, zarur savodxonligidir.
“Xalqaro e’tirof” esa ilg‘or standartlarni ko‘r-ko‘rona ko‘chirishni emas, ularni milliy huquqiy muhitga ongli ravishda moslashtirishni talab qiladi. Xorijiy stajirovka, qiyosiy tadqiqot, xalqaro sertifikatsiya va Akademiyaning nufuzli reytinglarda ishtirok etishi bitta maqsadga xizmat qilishi kerarO‘zbekiston sudyasining professional tayyorgarligi xalqaro mezonlarda tan olinadigan, biroq milliy qadriyatlar va konstitutsiyaviy tamoyillarga tayangan modelni shakllantirish.
Lavozimga tayinlanish bilan tugamaydigan uzluksiz kasbiy rivojlanish jarayoni
Strategiya doirasida Akademiyaga yuklatilgan eng tizimli vazifalardan biri bu odil sudlov uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjirini, ya’ni “Pipeline model”ni joriy etilishidir. U “magistratura - qayta tayyorlash - amaliy stajirovka - baholash - sudya lavozimiga tavsiya etish - doimiy malaka oshirish - oliy ta’limdan keyingi ta’lim” bosqichlarini yagona mantiqqa birlashtiradi.
Darhaqiqat, ta’lim bir marta tugaydigan jarayon emas. Sudyalikka nomzod auditoriyada nazariy bilim oladi, amaliy sud ishlari asosida fikrlashni o‘rganadi, o‘quv jarayonlari va sayyor sud majlislarida protsessual rolni his qiladi, xolis baholashni o‘rganadi va lavozimga tayinlanganidan keyin ham kasbiy rivojlanishni davom ettiradi. Dual ta’lim, case-based learning va problem-based learning mexanizmlarining keng joriy etilishi “to‘g‘ri javobni eslab qolish”dan “murakkab vaziyatda asoslangan yechim topish”ga o‘tishni anglatadi.
Masofaviy ta’lim shaklini joriy etish, magistratura mutaxassisliklarini kengaytirish va Akademiyaning tashkiliy hamda akademik vakolatlarini kuchaytirish ham shu zanjirning barqaror ishlashiga xizmat qiladi. Eng muhimi, sudyaning malakasi lavozimga tayinlangan kuni eng yuqori nuqtaga chiqib, keyin sekin yangilanadigan bilim emas, butun kasbiy hayot davomida rivojlanib boradigan kapitalga aylanadi.
Kompetensiyani o‘lchash bu diplom olishdan ham kengroq mezondir
Yangi modelda “nimani biladi?” degan savolning o‘zi yetarli emas. “Qanday fikrlaydi?”, “bosim ostida o‘zini qanday tutadi?”, “tanqidni qabul qila oladimi?”, “manfaatlar to‘qnashuvini anglaydimi?” kabi savollar ham professional baholashning bir qismiga aylanadi. Shu maqsadda sudyalikka nomzodlar, sudyalar va sud apparati xodimlarining kasbiy kompetensiyalar profilini shakllantirish dasturi ishga tushirilishi belgilangan.
Dastur shaxsning intellektual salohiyati, emotsional intellekti, stressga chidamliligi va korrupsiyaga bardoshliligini baholash, shuningdek, ta’lim jarayonida bilim va ko‘nikmalar qay darajada o‘zlashtirilganini ko‘rish imkonini beradi. Sudyalar va sud apparati xodimlari uchun stressni boshqarish, tanqidga bardoshlilik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi muntazam seminar-treninglar esa baholovchi emas, rivojlantiruvchi vositaga aylantiradi.
Bu yerda muhim bir chegara bor, ya’ni inson shaxsiyatini raqamlar bilan o‘lchash yetarli emas. Baholash tizimi shaffof, ilmiy asoslangan va kasbiy vazifaga bevosita bog‘liq bo‘lsagina ishonch uyg‘otadi. Akademiyaning mas’uliyati ham aynan shu kompetensiyani xolis o‘lchaydigan, natijasi esa shaxsiy va professional o‘sishga xizmat qiladigan muhitni yaratish.
Tor ixtisoslashuvdan prognoz qiluvchi ilmiy amaliyot sari qadam
Zamonaviy sudya barcha murakkab sohalarni yetarli darajada o‘rganishi lozim. Kiberjinoyat, elektron dalillar, sun’iy intellekt, korrupsiyaga qarshi kurashish va xalqaro arbitraj kabi yo‘nalishlar maxsus tayyorgarlikni talab qiladi. Shu bois sudyalarni murakkab toifadagi ishlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan tayyorgarlikdan o‘tkazish, milliy va xalqaro sertifikatsiya tizimini joriy etish vazifasi belgilangan. Ish taqsimotini sertifikatsiya bilan bog‘lash esa “tajriba bor” degan umumiy tasavvurdan aniq tasdiqlangan kompetensiyaga o‘tishni anglatadi.
Shu bilan birga, Akademiya huzurida Forsayt markazini tashkil etish rejasi prognoz qiluvchi institut g‘oyasini strategik vazifaga aylantiradi. Markaz sud amaliyoti ehtiyojlarini oldindan ko‘rishi, sud-huquq tizimini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlashi kerak. Bu yerda ilm kechagi qarorga sharh berish bilan cheklanmaydi, u ertaga sud zaliga kirib keladigan muammoni bugundan o‘rganadi.
Keyingi o‘rinlarda, bitiruvchilarni birlashtiruvchi “Alumni Association”ni tashkil etish va ularning kasbiy o‘sishini monitoring qilish ham Akademiya bilan bitiruvchi o‘rtasidagi aloqani diplom topshirilgan kuni uzilmasligini ta’minlaydi. Endaument fond (Endowment Fund) esa ilg‘or ta’lim va ilmiy-innovatsion loyihalar uchun uzoq muddatli resurs manbaini shakllantirishi mumkin. Xalqaro reytinglarga kirish vazifasi bu jarayonlarni tashqi mezonlar bilan solishtirish, kuchli va zaif tomonlarni xolis ko‘rish imkonini beradi.
Halollik vaksinasi bu ta’limning ichki mazmuni
Farmonda halollik standartlari va korrupsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik alohida vazifa sifatida belgilangan. Sudyalar va sud apparati xodimlari ongiga “halollik vaksinasi” tamoyilini singdirishda milliy urf-odatlar, poklik, vijdonlilik va umumbashariy qadriyatlardan keng foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Bu iboraning kuchli ma’nosi bor. Vaksina kasallik paydo bo‘lganidan keyin emas, undan oldin himoya hosil qiladi. Xuddi shunday, korrupsiyaga qarshi ta’lim ham qoidabuzarlik sodir bo‘lgach uni muhokama qilish bilan cheklanmasligi kerak. U manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt tanish, etik ikkilanishni ochiq muhokama qilish, real vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish va shaxsiy mas’uliyatni his etish qobiliyatini oldindan shakllantirishi lozim.
Shu nuqtai nazardan, halollik Akademiyada alohida bir fan emas, qabuldan tortib baholashgacha, ilmiy tadqiqotdan tortib boshqaruvgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning operatsion tamoyili bo‘lishi kerak. Faqat shunda sudyaning vijdoni tashqi nazoratning o‘rnini bosmaydi, balki uning eng ishonchli ichki tayanchiga aylanadi.
Xulosa o‘rnida
Xulosa qilib aytganda, Odil sudlov akademiyasida amalga oshirilgan va istiqbolda belgilangan ishlar muhim bir haqiqatni ko‘rsatmoqda. Sud tizimini yangilash sud zalidan emas, balki bo‘lajak sudyaning bilimi, tafakkuri, kasbiy mahorati va ma’naviy qiyofasi shakllanadigan ta’lim muhitidan boshlanadi.
PF–141-son Farmon Akademiyaning huquqiy maqomini mustahkamlab, sudyalar korpusini tayyorlashda ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan yangi institutsional poydevor yaratgan bo‘lsa, PF–160-son Farmon bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi ushbu yangilanishlarni sud tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli maqsadlari bilan uyg‘unlashtirdi.
Akademiyaga yuklatilgan vazifalar mazkur ishonchni malakali va yuksak ma’naviyatli kadrlar orqali qaror toptirish mexanizmini belgilab berdi. Uzluksiz kasbiy ta’lim sudyaning doimiy rivojlanishini ta’minlaydi, kompetensiyalar profili uni xolis baholash imkonini beradi, ixtisoslashuv va sertifikatsiya murakkab ishlarni ko‘rishga tayyorlaydi. Halollik standartlari sudyaning ichki axloqiy tayanchini mustahkamlasa, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va xalqaro hamkorlik uni zamonaviy talablar asosida rivojlantiradi.
Bugun Akademiya sudyani shunchaki lavozimga emas, davr talablari va xalq ishonchiga munosib faoliyatga tayyorlamoqda. Zero, ertangi kun odil sudlovining eng katta kapitali bu bilimni vijdon, texnologiyani mas’uliyat, vakolatni esa inson qadri va adolat mezonlari bilan uyg‘unlashtira oladigan sudyadir.
Salayev Nodirbek Saparbayevich
O‘zbekiston Respublikasi
Odil sudlov akademiyasi prorektori