Kitobsevarlar kitoblar bilan siylandi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Urgut tumanida ijodkorlar bilan uchrashuv va kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘tgan yil tumanning Dehqonobod mahallasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov tashabbusi bilan tashkil etilgan kutubxonada aholi kitob mutolaa qilish bilan birga ijodkorlar ishtirokidagi uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, turli tanlovlarda qatnashmoqda.
Jumladan, yaqinda mazkur kutubxona a’zolari va Urgut tumanidagi maktablar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobini o‘rganish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan edi. Tadbir avvalida mazkur tanlovda qatnashayotgan 240 nafardan ortiq kitobxon ushbu kitob asosida tayyorlangan test sinovlarida qatnashdi. Ular dunyoning 236 davlati haqida ma’lumotlar jamlangan kitobdan tayyorlangan 50 tadan savolga javob berdilar.
Shundan so‘ng ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov, “Dunyo mamlakatlari” kitobi muallifi Laziz Rahmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Muhammad Ismoil va boshqalar so‘zga chiqib, tuman ahlini Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladilar hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli shahar va qishloqlarimiz qiyofasi kun sayin o‘zgarib, xalqimiz turmush darajasi oshib borayotganini ta’kidladilar. Bu o‘zgarishlar Urgut tumani misolida tahlil qilindi. Birgina joriy yilda tumanda 150 dan ortiq yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilayotgani e’tirof etildi.
– Urgut respublikamizdagi aholisi eng ko‘p tuman, – dedi Abdusaid Ko‘chimov. – Tabiiyki, aholi soni ko‘p bo‘lgach, ularning hayotiy ehtiyojlari ham shunga yarasha bo‘ladi. Va shuning uchun ham azaldan tadbirkor xalq bo‘lgan urgutliklar bugun nafaqat o‘z ehtiyojlari, balki undan bir necha bor ortiq mahsulotlar ishlab chiqarib, hatto, xorijga eksport qilmoqdalar. Bir paytlar sanoqligina zavod, fabrikasi bo‘lgan tumanda bugun yuzlab sanoat korxonalarida ming turdan ortiq tovarlar ishlab chiqarilmoqda. Ochiq maydon, dasht hudud bo‘lgan joylarda bugun yangi aholi massivlari, “Yangi O‘zbekiston” shaharchasi bunyod etildi. Bu albatta, mustaqillik, keyingi o‘n yilda amalga oshirilgan shiddatli islohotlar samarasi bo‘ldi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini oshirish, ayniqsa, kitobsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-31020]
– Bundan uch oy oldin Urgutga kelib, ustoz Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi bilan tanishgach va bu yerdagi kitobxonlik muhitini ko‘rganimdan so‘ng kutubxona bilan hamkorlik qilishni ko‘nglimga tukkandim, – dedi Laziz Rahmatov. – Bu hamkorlikni “Dunyo mamlakatlari” kitobim asosida tanlov o‘tkazish bilan boshlashga qaror qildik va bugun adashmaganimizni his qildim. Biz tanlovda shu kutubxona a’zolarigina qatnashsa kerak, deb o‘ylagandik. Lekin bugun axborot asrida yashayotganimiz tufayli kitobimizning elektron shaklini tumandagi barcha maktablar o‘qituvchi va o‘quvchilari ham o‘qib, tanlovda qatnashish istagini bildirgani juda quvonarli bo‘ldi. Biz kelgusida ushbu kutubxona bilan kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan boshqa loyihalarni ham amalga oshiramiz.
Tadbirda tanlov natijalari e’lon qilinib, test sinovlarida yuqori natija qayd etgan 40 nafar ishtirokchi kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi. Besh nafar g‘oliblarga esa kitoblar va bir million so‘mdan pul mukofoti berildi.
Uchrashuv yakunlangach, ishtirokchilar Dehqonobod mahallasidagi Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida ham bo‘ldilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari