Yangi O‘zbekiston – Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik muhiti tashabbuskori
So‘nggi o‘n yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligi mustahkam qardoshlik, yaqin va yaxshi qo‘shnichilik, unutilmas qondoshlik rishtasi, uzilmas po‘lat zanjiriga aylandi. Odatda, voqea-hodisalar ishtirokchisi, bevosita guvohi bo‘lib yashasang, ulkan o‘zgarishlar qanday mashaqqat bilan yuzaga chiqayotganini ba’zan to‘liq his qilmaysan, kishi.
Bir eslab, mulohaza yuritaylik. O‘n yillar oldin mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy holati qanday edi? Oddiy kundalik hujjat bilan bog‘liq, boshi-oxirini topib bo‘lmaydigan navbatlardan charchab, asabiy holda kasallik orttirib olgan odamlar kammidi? Janjal-u haqoratlarga guvoh bo‘lmaganmizmi? Bank bilan bog‘liq muammolar-chi? Go‘yoki, oxiri yo‘q ne-ne masalalar yurtning birgina ijtimoiy-siyosiy silkinishida yechim topdi.
Zamonaviy davlat xizmati tizimi ishga tushirilishi bilan qancha tugunlar yechildi?!Mamlakat ichida boshlangan xalqparvar o‘zgarishlardan so‘ng Prezidentimizning jiddiy va qat’iy siyosiy irodasi tufayli yaqin qo‘shnilar bilan yopiq eshiklar lang ochildi. Masalan, birgina qirg‘iz qardoshlar bilan 15 chegara manzili ishlab turibdi. Bunday nuqtalar yaqin kelajakda 30 taga yetishi kutilyapti.
Ko‘p yillar Tojikiston va Turkmaniston chegarasidan o‘tishda ham o‘ziga xos muammolar yetarli edi. Mana endi o‘zaro bordi-keldi yangicha mazmun kasb etgan. Shovot tumanidan Turkmanistonga o‘tadigan yo‘l bo‘yida bozor barpo etilib, oddiy odamlar quvonchiga quvonch qo‘shilgan.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston tomonga qatnayotgan avtobus, poyezd va uchoqlar yo‘lovchilar talab-xohishiga qarab muntazam ko‘paytirilmoqda. Mavjud ma’lumotga ko‘ra, mijozlar soni kun sayin ortyapti.
Doimiy muammo – suv va energetika masalasi ham qo‘shnilar orasida adolatli yechim topmoqda.
Dunyo siyosiy-iqtisodiy bo‘hroni izdihomda chayqalib turgan bir payt, O‘zbekiston bosib o‘tayotgan yo‘l oson kechmayotganini yanada teran anglash fursati keldi. Har bir oy, yil o‘ta nozik muhoraba bilan o‘tayotgani haqiqat. Zotan, davlat rahbarining odilona, oqilona, xalqparvar siyosati natijasi o‘laroq, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan tinchlikka asoslangan adolatli umumiy yo‘limiz hamjihatlik, hamfikrlik, birlik va butunlikka aylanib borayotgani yaqqol namoyon.
Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yon-atrof bozorlaridagi raqobatbardoshligi, xaridorgirligi ortmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegara hududida savdo majmualari barpo etilishi o‘zaro aloqalarni yanada kengaytiryapti.
Xalqimiz “Kengashganga keng dunyo” deya bejiz aytmagan. Zero, o‘nlab yillar davomida yechimini kutib yotgan muammolar aynan kengashib, maslahatlashib bartaraf etilmoqda.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA