Shahar hokimi “Kelajak soati”ni o‘tdi
Unda qatnashgan Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamolov ustoz muallimlar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini qo‘shaloq ayyomlar – mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi hamda yangi o‘quv yili bilan muborakbod etdi.
Namangan viloyati markazida joylashgan 6-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Bilimlar kuni” tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda ta’lim va tarbiya masalasining mamlakatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ustozlarning sharafli va mas’uliyatli mehnati alohida ta’kidlangani mamnuniyat bilan qarshi olindi.


Qayd etilganidek, Namangan shahridagi 54 ta maktabda 77 ming 828 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ularga 4 ming 271 nafardan ortiq pedagog bilim bermoqda. Birgina 6-maktabning o‘zida hozirda 750 o‘quvchi 37 nafar ustoz murabbiydan saboq olmoqda.
Yangi o‘quv yilida maktabga qabul qilingan 35 nafar 1-sinf o‘quvchisiga Prezident sovg‘asi sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari, kitob va darsliklar taqdim qilindi.


Maktab direktori Nigora Ahmedovaning ma’lum qilishicha, maktabning joriy yildagi 35 bitiruvchisidan olti nafari xorijiy, 12 nafari davlat, yetti nafari nodavlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Qolgan 10 nafar bitiruvchi esa kasb-hunar va ishlab chiqarish yo‘nalishlariga yo‘naltirildi.

Tadbirda yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning bilim va salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ustozlarning samarali faoliyati uchun zarur sharoitlarni yanada kengaytirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Darvoqe, maktabda yangi – 2026-2027 o‘quv yilining ilk darsi 11-sinf o‘quvchilari uchun Namangan shahri hokimi Ayubxon Kamolov tomonidan o‘tilgan “Kelajak soati” bilan boshlandi. “Yagona xalq, yagona Vatan bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusidagi dars samimiy muloqot va fikr almashuv ruhida kechdi.
Ilk dars mashg‘ulotida so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda olib borilgan bunyodkorlik o‘zgarishlari, ayniqsa, yosh avlod kamoloti yo‘lidagi keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. O‘z navbatida, o‘quvchilar hokimga qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va kelajakdagi maqsadlari yuzasidan fikrlarini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA