Yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti: milliy taraqqiyotdan global integratsiya sari
Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining xalqaro hamkorligi mamlakat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va yangi savdo aloqalarini rivojlantirish o‘lka iqtisodiy siyosatining asosiy vazifalaridandir. Yurtimiz mustaqillik yillarida ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirib, jahon bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.
Diyorimizning xalqaro iqtisodiy aloqalari, avvalo, tashqi savdo, investitsiya, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojlanib bormoqda. Xorijiy sarmoyalar hisobiga yangi korxonalar tashkil etilib, zamonaviy texnologiyalar joriy qilinmoqda va yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Shuningdek, respublikamizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavot, kimyo sanoati mahsulotlari va boshqa tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro hamkorlikda xalqaro moliyaviy institutlar bilan aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar infratuzilmani yaxshilash, energetikani modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga qaratayotgan e’tibori tashqi savdo qoidalarini xalqaro talablarga moslashtirish va milliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, xalqaro iqtisodiy hamkorlik ayrim muammolarni ham yuzaga chiqaradi. Jahon bozoridagi narxlarning o‘zgarishi, transport xarajatlari, kuchli raqobat va tashqi iqtisodiy vaziyatdagi beqarorlik mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli eksport mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash muhim vazifalardan hisoblanadi.
Ma’lumki, xalqaro iqtisodiy hamkorlik mamlakatning barqaror rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi farovonligi oshishida muhim ahamiyatga ega. Kelgusida xalqaro sheriklikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi ishtirokini kuchaytirish mumkin.
O‘lkamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, iqtisodiyotni mustaqil ravishda rivojlantirish va bozor iqtisodiyoti tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish yo‘lidan bordi. Iqtisodiy islohotlarning asosiy maqsadi – davlat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish hamda aholining farovonligini oshirishdan iborat.
2017-yildan boshlab yurtimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va bozor tamoyillarini yanada keng joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirila boshlandi. Bu davr ko‘pincha “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot bosqichi sifatida qaraladi. Iqtisodiy siyosatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish, tashqi savdoni rivojlantirish va davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga katta e’tibor berildi. 2017-yildagi muhim o‘zgarishlardan yana biri valyuta bozorining liberallashtirilishi bo‘ldi. Valyuta ayirboshlash imkoniyatlarining kengayishi tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun qulay sharoit yaratdi. Shu bilan birga, soliq va bojxona tizimlarini takomillashtirish, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va tadbirkorlik faoliyatini yuritishni soddalashtirish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Shuningdek, keyingi yillarda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va investitsiya muhitini yaxshilash jarayoni davom etdi. Sanoat, energetika, transport, qurilish va qishloq xo‘jaligida yangi loyihalar amalga oshirildi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish natijasida yangi korxonalar tashkil etilib, ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlari kengaytirildi.
Ayniqsa, 2021-2023-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida sanoatni rivojlantirish, xizmatlar sohasini kengaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhim yo‘nalishlardan bo‘ldi, deyish mumkin. Raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va elektron xizmatlarning rivojlanishi ham iqtisodiy o‘sishning yangi omillaridan biriga aylandi. Eksport tarkibida tayyor mahsulotlar va xizmatlar ulushini oshirishga ham e’tibor qaratildi. 2024–2026-yillarda iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlari sifatida yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlash, xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
2017-2026-yillardagi iqtisodiy o‘sishning muhim jihatlaridan biri respublikamizning xalqaro iqtisodiy aloqalari kengayganidir. Mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari, AQSH, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Yevropa mamlakatlari va boshqa hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirmoqda. Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik orqali infratuzilma, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Umuman olganda, o‘tgan o‘n yil O‘zbekiston iqtisodiy hayotida chuqur o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Bozor mexanizmlarining kengayishi, xususiy sektorning faollashuvi, investitsiyalar va xalqaro savdoning rivojlanishi iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bugungi kunda diyorimiz xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirib, xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirmoqda.
Istiqlolimizning 35 yilligi arafasidagi tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgani, iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani va qariyb 6 million kishi doimiy ish bilan ta’minlanganini alohida ta’kidladi.
Qayd etish kerakki, respublikamizning xalqaro iqtisodiy munosabatlarda faol ishtirok etishi mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini kuchaytiradi. Shuningdek, o‘lkamizdagi islohotlarning izchil davom ettirilishi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Baxtiyor Yunusov,
texnika fanlari nomzodi, dotsent
O‘zA