Bobur Islomov Kanada elçisi va investorlar bilan uçraşdi
Mamlakatimiz toğ-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytiriş, xorijiy investitsiyalarni jalb qiliş hamda istiqbolli loyihalarni amalga oşirişga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu borada Kanada kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantiriş, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalaniş masalalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Toğ-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Kanadaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elçisi Kristofer Daggan hamda “Condor Energies” kompaniyasi vakillari bilan uçraşuv ötkazdi. Unda vazirlik masʼullari va "ÖzTMK" AJ rahbariyati ham iştirok etdi.
Uçraşuvda Kanada tomonining Özbekiston bilan, ayniqsa, toğ-kon sanoati va geologiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirişga qiziqişi yuqori ekani taʼkidlandi. Kristofer Daggan Kanadaning köplab kompaniyalari Özbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yölga qöyiş istagini bildirganini qayd etdi.
Şuningdek, “Condor Energies” kompaniyasi vakillari kompaniya faoliyati, Özbekistonda amalga oşirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Xususan, Geologiya fanlari universiteti va "ÖzTMK" AJ bilan yölga qöyilgan hamkorlik aloqalariga töxtalib ötdi.
Muloqot davomida Özbekiston Respublikasining "Yer qaʼri töğrisida"gi qonunining yangi tahriri mazmun-mohiyati, "E-auksion" platformasi orqali tadbirkorlar va investorlarga taklif etilayotgan istiqbolli maydonlar, şuningdek, toğ-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oşirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almaşildi.
Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilişiça, uçraşuv Özbekiston va Kanada örtasida toğ-kon sanoati hamda geologiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantiriş, investitsiyaviy aloqalarni kengaytiriş va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oşiriş uçun muhim muloqot maydoni böldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
ÖzA