Yangi O‘zbekiston armiyasi – imkoniyatlar va taraqqiyot maktabi
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yoshlarning bilimli, jasoratli va Vatanga sadoqat ruhida kamol topishi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu ma’noda milliy armiyamiz safidagi islohotlar nafaqat mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashga, balki yosh avlodning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ham xizmat qilmoqda. Zero, bugungi harbiy xizmat bu faqatgina saf tortish yoki jangovar tayyorgarlik emas, balki yuksak ma’naviyat, zamonaviy kasb va mustahkam hayot maktabidir.
Ayniqsa, “Bir askar – bir kasb” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar yoshlarning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Muddatli harbiy xizmatchilar xizmat davomida turli zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Axborot texnologiyalari, texnik mutaxassisliklar, xizmat ko‘rsatish sohasi va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari askarlar uchun katta hayotiy tajriba bo‘lmoqda.
Bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni bilish har bir yosh uchun muhim ustunlik sanaladi. Shu bois harbiy qismlarda ingliz va boshqa xorijiy tillarni o‘qitish jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilgan. Til o‘rganayotgan yosh harbiy xizmatchilar nafaqat yangi bilimlarni o‘zlashtirmoqda, balki dunyoqarashi, tafakkuri va intellektual salohiyatini ham kengaytirmoqda.
Yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga puxta tayyorlash maqsadida qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari muntazam tashkil etilayotgani ham e’tiborga molik. Harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar fanlarni chuqur o‘rganib, mustaqil fikrlash, tahlil qilish va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini shakllantirmoqda. Bu esa ularning kelajakdagi ta’lim va kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonidagi harbiy qismlarda ham bu boradagi ishlar davom etib, yosh askarlarni xorijiy tillar hamda IT texnologiyalariga o‘qitish jarayonlarida zamonaviy o‘quv usullari, innovatsion dasturlar va interaktiv mashg‘ulotlardan samarali foydalanilmoqda. Eng muhimi, har bir askarning qiziqishi, iqtidori va intilishiga alohida e’tibor qaratilib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga keng imkoniyat yaratilmoqda.
[gallery-29490]
Bugungi armiyamiz yoshlarni intizom, mardlik, jasorat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash bilan birga, ularning kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Chunki harbiy xizmat davomida orttirilgan bilim, tajriba va hayotiy saboq har bir yigitning keyingi faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
Darhaqiqat, Vatan himoyasi sharafli burch bo‘lsa, ana shu sharafli xizmat davomida ilm o‘rganish, kasb egallash va o‘z ustida ishlash yuksak kelajak sari qo‘yilgan dadil qadamdir. Bilimli, kasb-hunarli, ma’nan yetuk va vatanparvar yoshlar esa Yangi O‘zbekistonning eng katta kuchi, eng ishonchli tayanchi hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.