Prezident tashabbuslari: Global muammolarga milliy yechimlar
Jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishlari va iqtisodiy tebranishlar fonida misli ko‘rilmagan migratsiya to‘lqinlariga yuz tutayotgan bir pallada, Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi shunchaki me’morchilik kelajagini emas, balki global xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasini belgilab beruvchi muhim siyosiy maydon vazifasini o‘tamoqda. Sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarga ko‘chib o‘tishi kutilayotgan yaqin kelajak oldida uch milliard insonning munosib yashash sharoitidan mahrumligi shaharsozlikni sof ijtimoiy masaladan yirik xavfsizlik muammosiga aylantirmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mazkur nufuzli minbardan qilgan chiqishi chuqur o‘ylangan ichki islohotlar tajribasiga tayangan mintaqaviy va global yechimlar majmui sifatida tahlilchilar e’tiborini tortmoqda. Bu o‘rinda O‘zbekiston o‘zining jadal iqtisodiy transformatsiyasini endilikda aniq tashabbuslar orqali xalqaro maydonga faol olib chiqayotgani ham e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston yetakchisining yaqin o‘n besh yil ichida mamlakat aholisi 50 million kishiga, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga yetishi haqidagi prognozi mintaqadagi ulkan geodemografik burilishning asosi hisoblanadi. Aholining keskin o‘sishi ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar uchun ijtimoiy inqiroz va qashshoqlik manbai bo‘lib xizmat qilayotgan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston buni iqtisodiy o‘sish drayveriga aylantirish strategiyasini tanlagan. Jahon bankining 2026-yil uchun O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishini 6,4 foiz darajasida barqaror baholayotgani zamirida ham aynan davlatning aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili qariyb 2 milliard dollar yo‘naltirayotgani, buning ortidan butun boshli qurilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish zanjiri harakatga kelayotgani yotadi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yil ichida qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetkazilgani, shuningdek, yuz mingga yaqin norasmiy turar joylarning qonuniylashtirilgani mulk huquqini ta’minlash va aholi kapitalini legalizatsiya qilishdagi eng to‘g‘ri qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu tajriba orqali O‘zbekiston barcha hududlarda mutanosib urbanizatsiya tamoyilini ilgari surib, resurslarning faqat yirik metropolislarda markazlashib qolishi va chekka hududlar inqirozining oldini olish bo‘yicha global hamjamiyatga o‘zining amaliy formulasini taqdim etdi.
Ushbu ichki transformatsiya jarayoni mamlakatning investitsion jozibadorligi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, “Yangi Toshkent” loyihasi buning yaqqol moddiy ifodasi sanaladi. Birinchi bosqichining o‘zida 25 milliard dollarlik sarmoyalarni jalb etgan mazkur loyiha “yashil”, “aqlli” va “15 daqiqali shahar” tamoyillariga qurilgani mamlakatning an’anaviy xomashyo iqtisodiyotidan yuqori qo‘shilgan qiymatli, xalqaro sarmoyalar uchun ochiq innovatsion hududga aylanayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari tomonidan sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya bo‘yicha xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzish hamda BMT-Habitatning “Yashil shahar” mukofotini ta’sis etish tashabbuslari orqali O‘zbekiston endilikda mintaqada iqlim o‘zgarishlariga moslashish va raqamlashtirish jarayonlarining bevosita tashabbuskori maqomini olmoqda. Osiyo taraqqiyot banki va boshqa yirik moliya institutlari yaqindan ko‘mak berayotgan ekologik barqarorlik va “Yashil makon” kabi milliy dasturlar doirasida shaharlarda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsadi nafaqat poytaxtda, balki butun respublika bo‘ylab qad rostlagan 61 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida real sinovdan o‘tmoqda. Kelgusi yili Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga sarmoya jalb etish bo‘yicha yangi yondashuvlarga bag‘ishlangan xalqaro forumni o‘tkazish taklifi esa ushbu milliy yutuqlarni yirik xalqaro kapital bozori bilan uzviy bog‘lash yo‘lidagi pragmatik qadamdir.
Nutqdagi eng o‘ziga xos diplomatik va ijtimoiy siljish – shaharsozlik va ijtimoiy boshqaruv masalalarida an’anaviy mahalla institutini xalqaro munozaralar markaziga olib chiqish bo‘ldi. Dunyoning yirik metropolislari aholining begonalashuvi, ijtimoiy tarmoqlarning uzilishi va mahalliy boshqaruv inqirozidan aziyat chekayotgan bir paytda, O‘zbekiston o‘zini o‘zi boshqarishning asrlar davomida shakllangan, ammo so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida moliyaviy va huquqiy jihatdan mustaqil vakolatlarga ega bo‘lgan mahalla tizimini barqaror ijtimoiy birlik modeli sifatida taklif qildi. 2030-yilda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini aynan Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish va uning bosh mavzusini mahalla institutiga bag‘ishlash tashabbusi chetdan andoza oluvchi davlat pozitsiyasidan o‘zining ijtimoiy-siyosiy innovatsiyalarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etuvchi proaktiv davlatga aylanish strategiyasini to‘la namoyon etadi.
Bokudagi sammit minbaridan yangragan ushbu yondashuvlar Yangi O‘zbekistonning ichki siyosatidagi inson qadri, xususiy mulk daxlsizligi va ijtimoiy xavfsizlik tamoyillari tashqi siyosatdagi qat’iy va konstruktiv harakatlarga ko‘chganini tasdiqlaydi. Mamlakatimizning uy-joy siyosati, demografik o‘sishni sarmoyaviy imkoniyatga aylantirish va yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi tajribasi endilikda faqatgina milliy taraqqiyot yo‘nalishi bo‘lib qolmay, balki Markaziy Osiyo va undan tashqarida geosiyosiy barqarorlik hamda mutanosib rivojlanishni ta’minlovchi o‘ziga xos mezon vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston rahbarining xalqaro tashabbuslari mamlakatning shunchaki global chaqiriqlarga kelishuvchanlik bilan moslashuvchi emas, balki inqirozlarni jilovlab, aniq hamda sinalgan yechimlar taklif qila oladigan mas’uliyatli va mustaqil xalqaro hamkor sifatidagi yangi qiyofasini yana bir bor namoyon etdi.
Alisher EGAMBERDIEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
tayanch doktoranti, O‘zA