So‘z, ijod va e’tirof uyg‘unligi
Sirdaryo viloyati Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar, soha vakillari hamda yosh qalam ahli ishtirok etdi.
Tadbirda mustaqillikning mamlakatimiz hayotidagi beqiyos ahamiyati, uning xalqimizga bergan imkoniyatlari, yurtimizda qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar haqida fikr almashildi. Istiqlol yillarida milliy adabiyot va jurnalistika sohalarida yuzaga kelgan yangi imkoniyatlar, ijod ahlining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni xususida ham mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Noriniso Qosmovaning ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar ijodkorlarni bir maqsad atrofida birlashtirish, ayniqsa, yosh qalamkashlarning dunyoqarashi va ijodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Bugungi tadbir mustaqillikning mazmun-mohiyatini yana bir bor anglash, uning bizga bergan imkoniyatlarini qadrlash va yosh avlod qalbida Vatanga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Jurnalist va ijodkorlarning bir davrada jam bo‘lib, yurtimizdagi yangilanishlar, tinchlik va osoyishtalik haqida fikr almashishi, ijod namunalarini taqdim etishi ma’naviy muhitni yanada boyitadi. Ayniqsa, yosh ijodkorlarning katta hayotiy va ijodiy tajribaga ega qalam ahli bilan muloqoti ular uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi, — deydi Noriniso Qosmova.
[gallery-31063]
Uchrashuv davomida shoirlar Vatan, istiqlol, ozodlik va yurtga muhabbat mavzularidagi she’rlarini o‘qib eshittirdi. Badiiy chiqishlar tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishlab, uning mazmunan yanada rang-barang o‘tishiga turtki berdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi safiga yangi a’zolarni qabul qilish marosimi ham o‘tkazildi. Xurshida Nishonova, Bekzod Mavlonov, G‘anisher Ibrohimov, Mustafo Boyeshonov va Oybek Namozov uyushma a’zoligiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yangi a’zolar uchun ushbu e’tirof kasbiy faoliyatdagi yangi bosqichni anglatadi. Chunki jurnalistning jamiyatdagi o‘rni nafaqat axborot yetkazish, balki voqea-hodisalar mohiyatini xolis tahlil qilish, odamlarni o‘ylantiradigan masalalarni kun tartibiga olib chiqish va jamoatchilik fikrini shakllantirish bilan ham belgilanadi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova yangi a’zolar zimmasidagi mas’uliyat xususida to‘xtalar ekan, ularga bildirilgan ishonchni munosib oqlash muhimligini ta’kidladi.
— Jurnalistlar uyushmasi safiga yangi ijodkorlarni qabul qilish — ularning mehnati va salohiyatiga berilgan e’tirof bilan birga, katta mas’uliyat ham yuklaydi. Uyushma a’zosi sifatida ulardan xolislik, haqqoniylik va kasb etikasiga qat’iy amal qilish, jamiyatdagi dolzarb masalalarni chuqur o‘rganish, inson manfaati va jamoatchilik ehtiyojini jurnalistik materiallarning markaziga qo‘yish talab etiladi. Ayniqsa, yosh jurnalistlar zamonaviy axborot texnologiyalari va media vositalaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda, tahliliy fikrlash, mustaqil yondashuv va so‘z mas’uliyatini ham shakllantirib borishi zarur. Zero, jurnalist qalami orqali jamiyatdagi muhim jarayonlarga munosabat shakllanadi, — deydi Dilorom Ismadiyorova.
Uchrashuvda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, tajribali jurnalist va adiblar bilan ijodiy muloqotini kengaytirish borasida ham fikrlar bildirildi. Bu kabi muloqotlar yoshlarning izlanishi, yangi mavzularga murojaat qilishi va o‘z ijodiy uslubini shakllantirishlariga zamin yaratadi.
«Mustaqillik shukuhi» tadbiri ijod va jurnalistika ahlini birlashtirgan ma’naviy muloqot maydoniga aylandi. Unda istiqlol qadri, Vatanga sadoqat, ijodkor mas’uliyati va yosh avlodning kelajagi kabi muhim mavzular uyg‘unlashdi.
Yangi a’zolarning Jurnalistlar uyushmasi safiga qo‘shilishi esa Sirdaryoda jurnalistika va ijod sohasida yangi avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA