Yangi istirohat bog‘i – Yakkabog‘ning turistik jozibadorligini oshiradi
FOTOREPORTAJ
Bugun Qashqadaryo viloyatida hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, turistik jozibadorlikni oshirish hamda aholi uchun munosib yashash va dam olish sharoitlarini yaratishga qaratilgan ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yakkabog‘ tumanida barpo etilayotgan zamonaviy istirohat bog‘i hududning madaniy va iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladigan e’tiborga molik tashabbuslardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Umumiy maydoni 10 gektardan ziyod bo‘ladigan ushbu bog‘da aholi va mehmonlar uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish, sayr qilish hamda madaniy hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning asosiy qismi bo‘lmish 650 o‘rinli muhtasham amfiteatrning qiymati 6 milliard so‘mga baholanayotgan bo‘lib, mazkur inshootda bayramlar, konsertlar va turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Muhimi, kelgusida u tumanning madaniy hayotini tubdan yangi bosqichga olib chiqadigan jamoat maskaniga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, bog‘ hududida piyodalar yo‘laklari, velosiped maydoni va bolalar o‘yin maydonchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa turli yoshdagi aholi uchun qulay va xavfsiz dam olish muhitini yaratadi.
[gallery-31661]
Loyihaning amalga oshirilishi Yakkabog‘ning umumiy qiyofasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, mahalliy aholining bandligi oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasida yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Bu esa tuman byudjetiga qo‘shimcha daromad keltiradi.
Kelgusida bog‘ atrofida kichik biznes ob’ektlarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Choyxonalar, suvenir do‘konlari va kafelar faoliyati turizm oqimini yanada kuchaytiradi. Natijada bog‘ hududning iqtisodiy jihatdan faol nuqtalaridan biriga aylanishi mumkin.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA