«Kambag‘allikdan farovonlik sari»: Birinchi yarim yillikda qanday natijalarga erishildi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidovning "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarni doimiy va daromadli mehnat bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushirildi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 2,8 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Dastur doirasida 563 ming oila, ya’ni 2,3 million nafar aholi «Ijtimoiy reyestr»ga kiritildi. Ularning daromadlarini oshirishga qaratilgan individual rejalar asosida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 275 ming oila yoki 1,2 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Aholini daromadli mehnatga jalb etish borasida ham muayyan natijalarga erishildi.
Xususan, birinchi yarim yillikda 3,8 million nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi. Shundan 469 ming nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 2 million 719 ming nafar aholining daromadi oshirildi. Shuningdek, 615 mingta norasmiy ish o‘rni legallashtirildi.

Mahallalarda 103 mingta mikroloyihaning ishga tushirilishi natijasida 246,5 ming nafar aholi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi. Kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashda ularning nafaqat daromadini oshirish, balki sog‘lig‘i, ta’limi va yashash sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, birinchi yarim yillikda 939 ming nafar kambag‘al aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kambag‘al oilalar farzandlaridan 49 ming nafari IT, ingliz tili, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlaridagi bepul kurslarga jalb etildi.
Majlisda deputatlar tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dasturda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan choralarni kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarining barqarorligini ta’minlash yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Bunda ajratilayotgan kredit mablag‘lari hisobiga tashkil etilgan loyihalarni qancha doimiy ish o‘rni yaratilgani va qancha oila barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgani mezonlari asosida baholash, hududlarda «mahallabay» monitoringni kuchaytirish, infratuzilma ob’ektlaridagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish belgilandi.
Bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘al oilalarni kompleks qo‘llab-quvvatlash va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan parlament va deputatlik nazorati tartibida doimiy o‘rganib borilishi qayd etildi.
Parlament eshituvi yakunida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidovning «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA