Yangi ish o‘rinlari yaratildi
Guliston tumanida aholi bandligini ta’minlash, fuqarolar daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 5 ming 755 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu haqda tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Guliston tumanida aholi bandligini ta’minlash, fuqarolar daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 5 ming 755 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu haqda tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar hamda soha mutasaddilari ishtirok etib, hududda iqtisodiy faollikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy muhofazani kuchaytirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Anjumanda qayd etilishicha, tumanda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 407 nafar fuqaroga jami 6 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Mazkur moliyaviy ko‘mak natijasida yuzlab aholi vakillari o‘z biznesini boshlash yoki kengaytirish imkoniyatlariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, bandlikni ta’minlashning samarali mexanizmlaridan biri sifatida 2 ming 583 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu esa aholining rasmiy mehnat faoliyati bilan qamrab olinishi hamda barqaror daromad manbalariga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida ta’kidlandi. Xususan, mamlakatimizda ijobiy natija berayotgan “Sayxunobod tajribasi” asosida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish tizimi joriy qilinib, bu orqali 196 ta oila kambag‘allik toifasidan chiqarildi. Tomorqachilik va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish aholi daromadlarini oshirishning muhim omili sifatida xizmat qilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya mablag‘lari ajratilib, ularning mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi va mustaqil daromad topishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Tumanda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida aholi tomonidan ilgari surilgan muhim takliflar asosida qator ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va manzilli yordam ko‘rsatish ishlari ham tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Tadbir yakunida jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Ta’kidlanganidek, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri