Jadidlarning bobolariga munosib nabiralari
Samarqand viloyati matbuot uyida “Zarafshon” gazetasi – jadidlar merosi va avlodlar ko‘prigi” mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Turkiston milliy jadidchilik harakatining yirik vakillari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Saidrizo Alizoda va Hoji Muin avlodlari ishtirok etdi.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev o‘z vaqtida buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy asos solgan gazeta tahririyatiga kelgan ulug‘lar avlodlariga minnatdorlik bildirdi.
– Biz Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin, Abdurauf Fitrat, Akobir Shomansurov, G‘ozi Yunus singari xalqimizning ma’rifatparvar insonlari, jadid bobolarimiz faoliyat ko‘rsatgan gazeta ishi davomchilari ekanimizdan faxrlanamiz, – dedi F.Toshev. – Va hamma vaqt ularning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishni burchimiz deb bilamiz. Bu borada bizga yaqindan yordam berayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan buyuk bobolarimiz avlodlariga minnatdorlik bildiraman. Masalan, Behbudiyning evarasi Shohruh Behbudiy yordamida kitob yaratdik. Farhod Alizoda bobosi Saidrizo Alizodaning xorijiy davlatlarda saqlanayotgan kitoblari, u bilan bog‘liq ashyolarni keltirib, yurtimizda yagona bo‘lgan “Zarafshon vohasi matbuoti tarixi” muzeyiga taqdim etdi. Ushbu muzeyga Hoji Muin avlodlari tomonidan ham qimmatli ma’lumot va buyumlar taqdim etildi. Samarqandlik jadidlarning yaqin hamkori, hammaslagi bo‘lgan yana bir ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning nabirasi Jamshid Avloniyning taklifimizga rozilik bildirib, Samarqandga, mazkur uchrashuvga kelgani uchun minnatdorlik bildiramiz.
Uchrashuvda jadidlar avlodlari bobolari hayoti, ilmiy-ijodiy, pedagogik faoliyati haqida qimmatli ma’lumotlar, ota-onalaridan eshitgan xotiralarni gapirib berdi.
Xususan, uzoq yillar xorijda yashab, mehnat qilgan va ayni paytda yurtimiz ilm-fani sohasida faoliyat olib borayotgan kimyogar olim, professor Jamshid Avloniy buyuk ma’rifatparvarning hayoti, ilmiy-pedagogik faoliyati, adabiyot va ta’lim taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, uning avlodlarga qoldirgan boy ma’naviy merosi haqida so‘zlab berdi.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin singari jadidlar Samarqandda yangi usul maktablari ochib, darsliklar yozgan, gazeta-jurnallar tashkil qilgan bo‘lsa, bobom Toshkentda shunday faoliyat bilan shug‘ullangan, – deydi Jamshid Avloniy. – Tabiiyki, bu borada ular yaqin hamkor, hamfikr bo‘lgan. Bu haqda otam – Kenja Avloniyning bobom haqidagi xotiralarida eshitganman, tarixiy manbalardan ma’lumotlarga ega bo‘lganman. Misol uchun, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnalashtirishda mahalliy xotin-qizlardan rol ijro etadigan aktrisa topilmagani uchun bobom Gruziyadan aktrisa taklif qilgan ekan. Jadid maktablari uchun darsliklar yaratish va almashishda ham bobolarimiz yaqin hamkor bo‘lishgan.
Uchrashuvda Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohruh Behbudiy bobosining milliy uyg‘onish harakatidagi o‘rni, jurnalistika va teatr san’atini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari, jadidlik g‘oyalarining bugungi ahamiyati xususida fikr bildirdi.
[gallery-31333]
– Jadidlarning faoliyati, merosini o‘rganishga bugun juda katta e’tibor qaratilishi bilan birga ularning shaxsi ulug‘lanmoqda, – dedi Shohruh Behbudiy. – Jumladan, bizning bobomizning Vatanimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari e’tirof etilib, davlat mukofoti berildi, poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida haykal o‘rnatildi, Samarqand shahrida Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi tashkil qilindi, tavalludining 150 yilligi keng nishonlandi. Bizni tez-tez turli ma’rifiy tadbirlarga, uchrashuvlarga taklif etishadi, bobomiz haqidagi xotiralar, ma’lumotlar bilan qiziqishadi. Bularning barchasi Prezidentimizning jadid bobolarimiz hayoti va merosini o‘rganish, ularning yurtimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlarini e’tirof etish, qadr-qimmatini joyiga qo‘yishga bo‘lgan juda katta e’tiborlari samarasi deb bilaman.
Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizoda bobosining tarjimonlik va ma’rifatparvarlik faoliyati, uning ilm va zamonaviy tafakkurni keng yoyish yo‘lidagi sa’y-harakatlari haqida to‘plagan qiziqarli ma’lumotlari haqida gapirib berdi. Hoji Muinning nabirasi Baxtiyor Bahriyev ham bobosining hayoti va ijodiy faoliyati, jadid matbuoti rivojidagi o‘rni, xalqni savodli va ma’rifatli qilish yo‘lidagi fidokorona mehnati haqidagi xotiralarini yodga oldi.
Tadbir davomida mehmonlar viloyat matbuot tarixi muzeyi, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Toyloq tumani Baxshitepa mahallasidagi “Behbudiy bog‘i” va ma’rifat maskanida ham bo‘ldi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari