Yangi davrning aniq marralari
Munosabat

Mamlakatimiz rahbari mustaqillik tarixini xalqimizning uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari, Birinchi va Ikkinchi Renessans, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi, jadid bobolarimizning ozodlik va ma’rifat haqidagi orzu-intilishlari bilan uzviy bog‘ladi. Bu yondashuvning chuqur ma’nosi bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi o‘tgan tarixiy yo‘lning sarhisobi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichini belgilab bergan muhim dasturiy chiqish bo‘ldi. Unda istiqlolning tarixiy mazmuni, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari va, eng muhimi, kelgusi o‘n yillikda mamlakatimiz qanday taraqqiyot modeliga o‘tishi aniq yo‘nalishlar bilan ko‘rsatib berildi.
Mustaqillik faqat siyosiy suverenitet emas, balki millatning o‘z tarixiga, tiliga, madaniyatiga, qadriyatlariga va kelajagini mustaqil belgilash huquqiga qaytishidir. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida yosh avlodda milliy o‘zlikni anglash bilan zamonaviy tafakkurni uyg‘un shakllantirish nihoyatda muhim.
Davlat rahbari nutqining eng muhim jihatlaridan biri – inson qadri masalasining yana bir bor davlat siyosatining markaziy mezoni sifatida belgilanganidir. Keyingi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning natijasi oddiy inson hayotida qay darajada sezilayotgani taraqqiyotning asosiy o‘lchoviga aylanmoqda. Kambag‘allikni ochiq tan olish va uni qisqartirish, ehtiyojmand oilalar bilan “mahallabay” ishlash, ularning daromadi, kasbi, salomatligi, ta’limi va turmush sharoitini bir butun holda ko‘rib chiqish ana shu insonparvar siyosatning amaliy ko‘rinishidir. Buning isboti o‘laroq, yurtimizda kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushdi.
Mahalliy Kengash deputati sifatida bu masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur deb hisoblayman. Chunki davlat siyosatining natijasi eng avvalo hudud, tuman va mahallada ko‘rinadi. Har bir raqam ortida inson taqdiri, oila farovonligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonch turadi. Shuning uchun deputatlik faoliyatida aholi bilan muloqotni kuchaytirish, bandlik, kasb-hunar, ijtimoiy himoya, tibbiy xizmat va ta’lim bilan bog‘liq muammolarni mahallaning o‘zida o‘rganish, ularning yechimini Kengash muhokamasiga olib chiqish bundan keyin ham ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak.
Prezidentimiz nutqida ta’lim, ilm-fan va inson kapitali masalasiga berilgan o‘rin alohida ahamiyatga ega. Bugungi dunyoda mamlakatning eng katta boyligi tabiiy resurslarning ko‘pligi bilan emas, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va yangi texnologiyalarni yaratishga qodir insonlari bilan belgilanmoqda. Xususan, kelajak kasblarini puxta egallagan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash zarurligi, oliy ta’limdagi talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetgani, ularning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, kelgusi yillarda kamida 10 ta O‘zbekiston universitetini dunyoning “TOP-1000” oliygohlari qatoriga kiritish vazifasi oliy ta’lim tizimi uchun juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bu maqsad faqat reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan cheklanmaydi. Buning uchun ta’lim sifati, ilmiy tadqiqot, xalqaro hamkorlik, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati, xorijiy tillarni bilish darajasi, innovatsiyalar va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish tizimi tubdan yangi bosqichga chiqishi kerak.
Nutqda yoshlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va kelajak kasblariga keng jalb etish, 10 million yoshni raqamli industriya bilan bog‘lash maqsadi ilgari surilgani ham bejiz emas. O‘zbek tilining raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan tilga aylanishi haqidagi fikr esa biz, ziyolilar va oliy ta’lim vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Endilikda o‘zbek tilida sifatli ilmiy adabiyotlar, zamonaviy terminologiya, raqamli ta’lim resurslari va ilmiy kontent yaratish masalasi ma’naviy vazifa bilan birga taraqqiyot ehtiyojiga aylanmoqda.
Yurtimiz yetakchisi tomonidan kelgusi taraqqiyotning yettita milliy dasturi belgilab berilgani ushbu nutqning eng muhim dasturiy jihati bo‘ldi.
Birinchi yo‘nalish – bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan uzluksiz tizimda sifatga o‘tish, texnikumlarda xalqaro standartlarni joriy qilish va yoshlarni yuqori daromadli kasblarga tayyorlash vazifasi belgilandi.
Ikkinchi yo‘nalish – xalq salomatligi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash. Tibbiyotda kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olishga asoslangan profilaktik modelga o‘tish, davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlarga olib kirish, zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika va biotexnologiyalarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Bu yondashuv inson salomatligini mamlakatning strategik kapitali sifatida baholashni anglatadi.
Uchinchi yo‘nalish – yuqori texnologiyali va yuqori mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyot. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollardan iborat xorijiy investitsiyani jalb qilish, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotni 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish kabi katta marralar belgilandi. Bunday iqtisodiy taraqqiyot hududlardan ham tashabbuskorlik, investitsion jozibadorlik va zamonaviy kadrlarni talab qiladi. Namangan viloyatida ham ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, kichik va o‘rta biznes hamda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bilan ta’lim muassasalari faoliyatini yanada yaqin bog‘lashimiz lozim.
To‘rtinchi milliy dastur – suv va tabiat. Bu masala Namangan ahli uchun ham nihoyatda dolzarb. Suv resurslariga munosabatni tubdan o‘zgartirish.dan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, yashil hududlarni ko‘paytirish faqat ekologik masala emas, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizdir. Prezidentimizning “Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati” degan fikri ekologik mas’uliyatni jamiyat madaniyatining ajralmas qismi sifatida tushunishimiz zarurligini ko‘rsatadi. Yaqin yillarda shahar va tuman markazlarida yashillik darajasini 30 foizga yetkazish vazifasi belgilanishi mahalliy Kengashlar, jamoatchilik va ta’lim muassasalari hamkorligini yanada kuchaytirishni talab etadi.
Beshinchi yo‘nalish – qonun ustuvorligi va adolatni umumiy qadriyatga aylantirish. Huquqiy tarbiyani maktabdan boshlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini kafolatlash, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik, odam savdosi, yashirin iqtisodiyot, shuningdek, ayollar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish vazifalari belgilandi. Deputatlar oldida qonunlarning hududlarda qanday ishlayotganini o‘rganish, fuqarolarning huquqiy muammolarini eshitish va vakillik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha katta vazifa turibdi.
Oltinchi yo‘nalishning mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga bag‘ishlangani mahalliy vakillik organlari uchun ayniqsa muhim. Endilikda tuman budjeti, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalarini mahalla ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirish nazarda tutilmoqda. Demak, deputat faoliyati ham aholi muammolarini yuqoriga yetkazish bilangina cheklanmasdan, mahalladagi ehtiyojlarni aniq o‘rganish, ustuvorliklarni belgilash va budjet mablag‘larining natijadorligini nazorat qilishga ko‘proq yo‘naltirilishi kerak.
Yettinchi yo‘nalish – O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyori sifatidagi nufuzini mustahkamlash. Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillari ahil yashayotgan mamlakatimiz uchun millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik bebaho ijtimoiy kapitaldir. Bu muhitni asrash har birimizning fuqarolik burchimizdir. Ayniqsa, yoshlarni turli yot va radikal g‘oyalardan himoya qilishda ta’lim, mahalla, oila va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Menimcha, nutqning eng katta ahamiyati shundaki, unda taraqqiyot faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanmayapti. Bilimli avlod, sog‘lom inson, adolatli jamiyat, farovon mahalla, ekologik mas’uliyat, zamonaviy iqtisodiyot va tinchlikparvar davlat — bular yagona taraqqiyot modelining o‘zaro bog‘langan qismlari sifatida qaralmoqda.
Endigi vazifa ushbu ulkan maqsadlarni har bir hudud, har bir tuman va har bir mahalla hayotiga olib kirishdan iborat. Namanganda ham yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarning sifatli ta’lim va kasb-hunar olishini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, suvdan oqilona foydalanish, mahallalarning tashabbuskorligini oshirish va aholining davlat organlariga ishonchini mustahkamlash bo‘yicha oldimizda katta vazifalar turibdi.
Deputat sifatida xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik bo‘lish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni Kengash darajasida ko‘tarish va ularning ijrosini nazorat qilishni muhim vazifam deb bilaman. Pedagog va olim sifatida esa yoshlarning faqat bilimli emas, balki Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni his qiladigan, mustaqil fikrlaydigan, yangilik yaratishga intiladigan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishiga hissa qo‘shishimiz zarur.
Davlatimiz rahbarining “Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!” degan fikri aynan mana shu umumiy mas’uliyatni ifodalaydi.
Istiqlolimizning shonli 35 yilligi biz uchun faqat o‘tgan yo‘l bilan faxrlanish sanasi emas. U yangi maqsadlarni belgilash, erishilgan natijalarga tanqidiy baho berish va kelajak oldidagi mas’uliyatimizni chuqurroq anglash davridir. Bugun oldimizda turgan vazifalar katta. Ammo xalq, davlat, mahalla, ta’lim va jamoatchilik yagona maqsad yo‘lida birlashsa, bu marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud.
Muhammadjon Alixonov,
xalk deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati,
Namangan davlat texnika universitetining kafedra mudiri,
O‘zA