Davlat chegarasini kesib o‘tganlik yoki kontrabanda jinoyatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov mamlakatimizda davlat chegaralarini muhandislik jihatidan mustahkamlash, chegara qo‘shinlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish hamda milliy xavfsizlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, transmilliy jinoyatchilikning yangi ko‘rinishlari, xususan, davlat chegarasi orqali yerosti tonnellarini qurish va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgani qayd etildi.

Muhokamada 2016-2025-yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tonneli aniqlangani, ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni mamlakatga yashirin olib kirishga urinishlar kuzatilgani ta’kidlandi. Bu kabi holatlar davlat chegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga jiddiy tahdid solishi qayd etildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, ana shunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib o‘tganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda insonparvarlik tamoyili ham o‘z ifodasini topgan. Xususan, birinchi marta ushbu turdagi qilmishni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol ko‘maklashsa hamda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar qurish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari amalga oshirishi belgilanmoqda. Bu mazkur turdagi jinoyatlarni tezkor aniqlash va samarali tergov qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Senatorlar ma’qullagan qonun davlat chegarasi daxlsizligini mustahkamlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, milliy va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash hamda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA