Yangi avlod gibrid aerogeli imkoniyatlari
Hozirgi kunda ekologik muammolar tobora kuchayib bormoqda. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, sanoat chiqindilari tufayli suv resurslarining ifloslanishi inson salomatligi va ekotizim uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Ana shunday dolzarb vazifalarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi tizimidagi Umumiy va noorganik kimyo instituti Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan yangi avlod gibrid aerogeli ishlab chiqildi. Mazkur ilmiy ishlanma zamonaviy materialshunoslik yutuqlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ekologik muammolarga yechim taklif etadi.
Aeorogelning eng muhim jihati uning nanog‘ovakli tuzilishidir. Ushbu tuzilma ichida maxsus metall-organik birikma joylashtirilgan bo‘lib, ular zararli moddalarni o‘ziga singdirish xususiyatini oshiradi. Natijada material nafaqat fizik, balki kimyoviy jihatdan ham faol filtr vazifasini bajaradi.
Mazkur gibrid aerogel bir vaqtning o‘zida bir nechta ekologik muammolarni hal etishga xizmat qilishi bilan alohida e’tiborga loyiq. Birinchidan, u havoni va suvni tozalash imkoniyatlarini birlashtirgan universal material. Ikkinchidan, uning ishlab chiqarilishida qayta tiklanuvchi xomashyo qo‘llanilgani ekologik barqarorlikni ta’minlaydi. Uchinchidan, qurilish va sanoat sohalarida qo‘llanishi energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Kelgusida ushbu materialni sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, u nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham yuqori talabga ega bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, “yashil texnologiyalar” va barqaror rivojlanish tamoyillari asosida rivojlanayotgan davlatlar uchun bu kabi innovatsiyalar katta ahamiyat kasb etadi.
Yangi avlod gibrid aerogeli nafaqat ilmiy yutuq, balki ekologik muammolarga amaliy yechim taklif etuvchi muhim innovatsion mahsulotdir. Uning ko‘p funksiyali xususiyatlari, ekologik xavfsizligi va keng qo‘llanish imkoniyatlari uni kelajak materiallaridan biriga aylantiradi. Mazkur ishlanma mamlakatimiz ilm-fani salohiyati yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA