Yana bir xorijiy nashr O‘zbekiston salohiyatini e’tirof etdi
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston uchun yangi bozor va sarmoya imkoniyatini ochmoqda. Turkiyaning ingliz tilidagi “Daily Sabah” nashri Anqaradagi XIII sammit arafasida mamlakatimizning mintaqaviy iqtisodiy aloqalardagi o‘rni, sanoat kooperatsiyasi va eksport istiqbolini tahlil qildi.
Nashr keltirgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bahosiga ko‘ra, mamlakatimizning tashkilotga a’zo mamlakatlarga qo‘shimcha eksport salohiyati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Shundan 1,8 milliard dollari Turkiya, 500 million dollari Qozog‘iston, 200 million dollari Vengriya va 100 million dollari Qirg‘iziston bozoriga to‘g‘ri keladi.
Maqolada respublikamizning to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyati mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirini rivojlantirishning muhim omili sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, 2017-2025-yillarda tashkilotga a’zo davlatlardan yurtimizga 11,5 milliard dollardan ko‘p sarmoya kiritilgani, ushbu miqdorning 3,8 milliard dollari o‘tgan yil o‘zlashtirilgani qayd etilgan.
Transport-logistika va raqamli integratsiya ham iqtisodiy o‘sishning muhim yo‘nalishlari sifatida baholangan. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bilan bog‘lash, bojxona tartibini soddalashtirish hamda raqamli ma’lumot almashinuvini kengaytirish eksport imkoniyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Tahlilda O‘zbekistonning “Raqamli turkiy yo‘lak”ni shakllantirish, sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va Toshkentda texnologik forum o‘tkazish tashabbuslariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
“Daily Sabah” tahlilida mamlakatimizning mintaqaviy hamkorlikdagi salohiyati nafaqat savdo hajmini oshirish, balki qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi bozorlarni egallash va xalqaro transport tarmog‘idagi mavqeini mustahkamlash bilan ham belgilanishiga urg‘u berilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA