Toshkentdagi renovatsiya: eski mahallalarning yangi qiyofasi va aholi manfaatlari kafolati
Bugun Toshkent o‘z tarixidagi eng yirik va muhim transformatsiya davrlaridan birini boshdan kechirmoqda. Shaharning eskirgan, avariya holatidagi uy-joy fondini yangilash va zamonaviy urbanizatsiya talablariga moslashtirish maqsadida boshlangan renovatsiya dasturi bugun jamoatchilik e’tiboridagi eng asosiy mavzuga aylandi. Mazkur jarayonlarning qay darajada shaffof ketayotgani, eski hududlarning yangi qiyofasi va eng muhimi, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlarni xolis baholash maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida Mirobod tumanidagi eski turar joy bino va inshootlarining amaldagi holati, Renovatsiya shtabidagi loyihani muvofiqlashtirish va amalga oshirish jarayonlari, Sergeli tumanidagi foydalanishga topshirilgan zamonaviy uylar va yaratilgan yangi infratuzilma bilan tanishildi.

Xususan, Mirobod tumanidagi A.Fitrat mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi. Dastlab, Renovatsiya shtabi faoliyati, uning a’zolari, fuqarolar bilan ishlash tartibi hamda mulkdorlarga taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng jurnalist va blogerlar mahalladagi mavjud muammolar, aholining murojaatlari hamda renovatsiya jarayoniga oid masalalar bilan joyida tanishdi.

A.Fitrat mahallasida 14 gektar hududdagi 57 ta ko‘p xonadonli uy va 530 ta xonadon renovatsiya loyihasiga kiritilgan.
Keyingi manzillarda ham renovatsiya jarayonlari va aholi bilan olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivida renovatsiya ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bu yerda renovatsiya dasturi ishtirokchilarining dastlabki vakillariga 40 dan ortiq yangi xonadon kalitlari topshirilgan. Jurnalist va blogerlar yangi massivdagi sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda aholining kundalik ehtiyojlari inobatga olingan bo‘lib, maktab va poliklinika yaqin, uy hovlilari avtomobillardan xoli. Bolalar o‘ynashi, sport bilan shug‘ullanishi va oilalar birgalikda vaqt o‘tkazishi uchun ham alohida hududlar ajratilgan.

Press-tur ishtirokchilari yangi xonadonlarga ko‘chib kelgan oilalar bilan samimiy suhbatlashib, yashash sharoitlari va taassurotlari bilan tanishdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA