Yan Diomande - «Real Madrid» tarixidagi eng qimmat transfer!
Madridliklar hujumchi uchun umumiy hisobda 140 million yevro ajratgan bo‘lib, ushbu summaning 15 million yevrosi turli bonus to‘lovlaridan iborat.
Germaniyaning «Leypsig» klubi hujumchisi Yan Diomande faoliyatini «Real Madrid»da davom ettiradigan bo‘ldi. Kot-d’Ivuarlik 19 yoshli futbolchining o‘tishi «qirollik klubi» tarixidagi eng qimmat xaridga aylandi.
Madridliklar hujumchi uchun umumiy hisobda 140 million yevro ajratgan bo‘lib, ushbu summaning 15 million yevrosi turli bonus to‘lovlaridan iborat. Futbolchining o‘zi bilan 2033 yilning yozigacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzolandi.
Avvalroq, ommaviy axborot vositalarida ushbu kelishuv 125 million yevroga baholanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq jamoaviy va shaxsiy ko‘rsatkichlarga bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha shartlar bajarilgan taqdirda, transferning umumiy qiymati 135-140 million yevro oralig‘iga yetadi.
Diomande bu orqali «Real»ning avvalgi eng qimmat xaridlari — Eden Azar (120 mln yevro), Jud Bellingem (134 mln yevro), Garet Beyl (101 mln yevro) hamda Krishtianu Ronaldu (94 mln yevro) transferlarini ortda qoldirdi.
Ivuarlik iqtidor sohibi 2025 yildan beri «Leypsig» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. U 2025/26 yilgi mavsumda nemis klubi tarkibida 36 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 13 ta gol va 10 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 90 million yevroga baholamoqda. Shuningdek, hujumchi Kot-d’Ivuar terma jamoasi safida JCH-2026 musobaqasida 4 ta uchrashuvda ishtirok etib, 1 ta golli pasni o‘z nomiga rasmiylashtirgan.