Xotira va qadrlash – muqaddas burch
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida Afg‘on urushi ishtirokchilari, nogironlari hamda halok bo‘lgan jangchilar oilalaridan xabar olindi.
Mazkur tadbir Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi viloyati bo‘limi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilgan, og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan insonlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, halok bo‘lgan jangchilar xotirasini yod etish hamda ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Uchrashuvlar davomida faxriylar holidan xabar olinib, ularga viloyat hokimining bayram tabriklari yetkazildi. Shuningdek, tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ta’kidlanganidek, bu kabi ezgu tadbirlar inson qadrini ulug‘lash, katta avlod vakillariga ehtirom ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri