Tekshiruvdan – servisga
Bugun soliq idoralari faoliyati “Tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida tashkil etilmoqda. Bu esa tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi xodimlari Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, korxona mas’ullariga qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan tushuntirishlar berdi.
2018-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada paxta tolasini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda 10 turdagi tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlanib, Rossiya va Polshaga eksport qilinmoqda.
Klasterda 1000 nafardan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lib, ishchilarning asosiy qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
Tashrif davomida soliq idorasi xodimlari korxona hisobchilari bilan muloqot o‘tkazib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
[gallery-29271]
– Korxonamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar uchun teng sharoit va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan farmoni asosida qator imtiyozlardan foydalanmoqda, – deydi korxona hisobchisi Sarvinoz Shamsiddinova.
Qayd etilganidek, korxona foyda solig‘ini 2 foiz, ijtimoiy soliqni esa 1 foiz stavkada to‘lab kelmoqda.
Uchrashuvda tadbirkorlarga yangi qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirilib, buxgalteriya va soliq hisobotiga oid masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari