Qahramonlar o‘lmaydi – ular xalq tilida va dilida mangu yashaydi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov xizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi Sherali Idiyev xonadoniga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida marhumning Vatan oldidagi fidokorona xizmati, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi jasorati hamda matonati chuqur hurmat va ehtirom bilan yodga olindi.
Sherali Idiyev 1982-yil 4-avgustda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. U ham bolalar kabi harbiy bo‘lishni, harbiy forma kiyishni orzu qilardi. Televizorda yoki ko‘chada harbiy kiyimdagi zobitlarni ko‘rganida ko‘zlari yonib ketardi. Ularga havas bilan boqardi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, harbiy xizmatni tugatgandan keyin hayotini harbiy soha bilan bog‘ladi.

Sh. Idiyev 2003-2009-yillarda Navoiy shahridagi harbiy qismda, 2009-2013-yillarda Qashqadaryo viloyatida, 2013-2015-yillarda esa Buxoro viloyati Kogon shahrida faoliyat olib bordi. Kogon shahridagi harbiy qismda aloqa tuguni guruhi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarildi. Ammo u Kogon shahrida xizmat vazifasini o‘tayotgan vaqtda 2015-yilning 29-aprel kuni halok bo‘ldi.
– Turmush o‘rtog‘im serjant Sherali Idiyev Vatan oldidagi burchini sharaf bilan uddaladi, – deydi Nazokat Nurova. – Xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘ldi. Bugun biz har tomonlama tinch va osoyishta yurtda e’zoz va e’tiborda yashayotirmiz. Turmush o‘rtog‘imning dilidagi ezgu niyati ham shu edi, aslida.
Viloyat hokimi marhumning oila a’zolari bilan suhbatlashib, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA