Xotira abadiy, qadr muqaddas
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Termiz shahridagi Xotira maydonida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, harbiy xizmatchilar, mehnat faxriylari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, orkestr sadolari ostida Motamsaro Ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan hamda mustaqillik yillari Vatan tinchligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi.

Mehnat fronti va mehnat faxriylari bolalik, yoshlik davrlarida ko‘rgan-kechirganlari, hayot qiyinchiliklari va bugungi tinch, farovon hayot haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Tantanali marosim xalqimizning mard va fidoyi ajdodlar xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmati, tinchlik va to‘kin turmushning qadriga yetish timsoli sifatida yodda qoldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA