9-may – Xotira va qadrlash kuni
Urush qatnashchisiga Prezident tabrigi va mukofotlar topshirildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz harbiy gospitalida bo‘lib, ayni paytda davolanishda bo‘lgan 105 yoshdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Shohimardon bobo Hamroyevni bayram bilan qutladi. Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirib, g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan ajratilgan pul mukofoti va sovg‘alarini tantanali topshirdi.

Boysun tumanidagi Temir Darvoza mahallasida yashaydigan Shohimardon Hamroyev 20 yoshida Ikkinchi jahon urushiga otlanib, 3-Belarus frontining artilleriya qismida xizmatni boshlagan. Ukraina, Belarus, Prussiya shaharlari, Latviya, Estoniya, Litviya hamda Kenigsberg qal’asini dushmandan ozod etishda jasorat ko‘rsatgan.
1945-yil o‘z ona qishlog‘i Darbandga qaytib, 10-sinfni bitirgach, Dushanbe pedagogika institutida o‘qib, hayotini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishladi. Tog‘li tumandagi Avlod, Xo‘jabulg‘on, Machay va Darband qishloqlarining maktablarida 40 yil o‘quvchilarga saboq berdi. 11 nafar farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdi.
Ikkinchi jahon urushida 53 ming 365 nafar surxondaryolik qatnashib, Vatan tinchligi, elimiz farovonligi uchun jang maydonlarida jasorat ko‘rsatgan. Ularning 11 mingdan ortig‘i jangu jadallarda mardlarcha halok bo‘lgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA