Xotin-qizlarning rahbarlik va tashabbuskorlik ko‘nikmalari rivojlantirilmoqda
Oliy Majlis Senatida oliy ta’lim muassasalari xotin-qizlar maslahat kengashlari raislari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Senatorlar xotin-qizlarning qonunchilik jarayonidagi faolligini oshirish, rahbarlik va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamiyatda xotin-qizlar nufuzini yuksaltirishga qaratilgan vazifalar xususida ma’lumot berdi.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, gender tenglikni mustahkamlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan ishlar hamda bu yo‘nalishda qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, qonun ijodkorligi jarayoni hamda Senatning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash va parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi vazifalari bilan ham yaqindan tanishdi.
N.Abduraimova, O‘zA