Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida
Farg‘ona viloyatining turli hududlaridan kelgan 150 dan ortiq xotin-qizlar YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan IT-Park Uzbekistan bilan hamkorlikda tashkil etilgan IT-ko‘nikmalar va raqamli marketing bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladilar.
Mazkur dastur orqali ishtirokchilar daromadlarini oshirish, biznesni rivojlantirish va masofadan turib onlayn ishlash uchun zarur bo‘lgan amaliy raqamli ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.
Maxsus sertifikatlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen ishtirokchilarni erishgan yutuqlari bilan tabriklab, xotin-qizlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidladi.
– Bugun biz shunchaki o‘quv kursi yakunlanganini emas, balki ayollarning hayotida yangi davrni boshlab beradigan muhim o‘zgarishni nishonlayapmiz. Endi ular o‘zlari, oilalari va jamiyat uchun munosib iqtisodiy kelajakni mustaqil barpo etishga qodir. Ularning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish yo‘lidagi qat’iyati va yangi bilimlarni egallashga bo‘lgan intilishi bizni quvontiradi va biz ularni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Antti Karttunen.
Dastur xotin-qizlar, ayniqsa, chekka tuman va qishloq hududlarida yashovchi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, ishtirokchilar raqamli marketing asoslari, biznesni internetda targ‘ib qilish, elektron tijorat vositalari hamda ish va tadbirkorlik faoliyatida qo‘llash uchun zarur bo‘lgan muhim raqamli ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

– Dasturda ishtirok etishdan oldin madaniyat va turizm sohasidagi loyiha ustida ishlayotgan edim. Trening orqali uni internetda targ‘ib qilish, onlayn auditoriyani yaxshiroq tushunish va yanada jozibali vizual kontent yaratish uchun amaliy vositalardan foydalanishni o‘zlashtirdim. Eng muhimi, endi o‘z g‘oyalarimni hayotga tatbiq etishda ijodiy yondashib, texnologiyalardan samarali foydalanyapman, – dedi treningda ishtirok etgan Dildora Aliyeva.
Ushbu o‘quv kurslari O‘zbekistonning boshqa hududlarini ham qamrab olgan keng ko‘lamli tashabbusning bir qismi hisoblanadi. Bugungi kunga qadar dastur doirasida 1000 ga yaqin xotin-qizlar amaliy ko‘nikmalariga ega bo‘ldilar. Ayollarning iqtisodiy tengligini qo‘llab-quvvatlash YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Raqamli savodxonlikni oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratish orqali YeXHT xotin-qizlarga raqamli texnologiyalar asrida zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashmoqda.
O‘zA