Xotin-qizlar muammosi ochiq muloqotda tahlil qilindi
Poytaxtimizda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Muammodan – yechim sari” shiori ostida tadbirkor xotin-qizlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xotin-qizlarning amaliy muammo va takliflarini eshitish, ularga yechim topish, xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Qayd etilishicha, telegram sahifasida tashkil etilgan bot orqali xotin-qizlarning taklif va tashabbuslari yig‘ib olingan. Ushbu taklif va murojaatlar uchrashuv vaqtida turli vazirlik, idora va tashkilotlarning mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining joriy yil 20-avgustdagi topshirig‘iga asosan aholi murojaatlarini o‘z vaqtida va manzilli hal etish, xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish maqsadida avgust-dekabr oylarida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ochiq muloqotlar o‘tkazish belgilangan edi.

Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlanib, iqtisodiyotga 230 milliard dollar investitsiya, shu jumladan, 120 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb etildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sdi. Bu natijalarda xotin-qizlar, xususan, ayol tadbirkorlarning ham munosib hissasi bor. E’tiborli jihati, ayollar tadbirkorligi yildan-yilga kengayib bormoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkor ayollar soni 2018-yilda 69,8 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 129,6 ming nafarga yetdi. Ya’ni, qariyb ikki barobar oshdi. Ayollar rahbarligidagi tadbirkorlik sub’ektlari soni ham izchil ortib, 2024-yilda 100,7 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 112,5 mingtaga, 2026-yilning birinchi yarmida esa qariyb 120 mingtaga yetdi.
Muloqot davomida berilgan savollarga atroflicha javob berildi va ko‘tarilgan muammolar vazirliklarga yo‘naltirilishi hamda ijrosi nazorat qilinishi qayd etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA