Xorvatiya va Ekvadordan g‘alaba, Marokash va Norvegiya esa murosa ko‘chasini tanladi. Kechaga uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing
Mundialdan chetda qolgan Italiya ham Gretsiyani minimal hisobda taslim etdi.
Mundial yaqinlashgani sari terma jamoalar tayyorgarlikning so‘nggi qismida o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazmoqda. Kecha tunda ham bir nechta qiziqarli bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Marokash 1:1 Norvegiya
2022-yilgi jahon chempionatining tom ma’nodagi qahramoni Marokash terma jamoasi so‘nggi yillarda futboli anchagina o‘sishga erishgan Norvegiyaga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv startidan avval bahs tengkurashlar ostida o‘tishi taxmin qilingan edi va deyarli shu ssenariy ostida o‘tdi. Bellashuvning 8-daqiqasida Afrika qit’asi vakillari hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Ezalzulining uzatmasidan so‘ng Braim Dias raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi taym shu hisob bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘limda esa Norvegiya vaziyatni o‘zgartira oldi. 75-daqiqada Martin Edegor hisobni tenglashtirdi. Ushbu hisob o‘yin yakuniga qadar boshqa o‘zgarmadi.
Ekvador 3:0 Gvatemala
Moyzes Kaysedo, Villiam Pacho kabi yulduzlari bor Ekvador terma jamoasi Gvatemalaga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv kutilganidek "uchranglilar"ning katta ustunligi ostida o‘tdi va yirik hisobda g‘alaba qozondi. Dastlab Jonni Kaysedo hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Nilson Angulu va Pervis Estupinian ham o‘z hisoblariga bittadan gol yozdirib qo‘ydi. Yakuniy hisob 3:0 Ekvador terma jamoasi raqibdan ustun keldi.
Xorvatiya 2:1 Sloveniya
So‘nggi ikki mundialda ham sovrindorlar qatoridan joy olgan Xorvatiya terma jamoasi Sloveniyaga qarshi maydonga tushdi va qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Dastlab uchrashuvning 51-daqiqasida qariya Luka Modrich Ivan Perishichning uzatmasini golga aylantirib hisobni ochdi. 83-daqiqada esa Andraz Sporar muvozanatni tikladi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan 3-daqiqada esa Mario Pashalich xorvatlarga g‘alaba keltirgan golni urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Tabloda hisob boshqa o‘zgarmadi va "shaxmatchilar" g‘alaba qozondi.
Bundan tashqari, Italiya terma jamoasi Gretsiyaga qarshi bahs oli borib, minimal hisobda g‘alaba qozondi. Yagona golga Franchesko Pio Espozito mualliflik qildi.