Luka Modrich terma jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha Lionel Messiga yetib oldi
Terma jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu yetakchilik qilmoqda.
Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich terma jamoa safida maydonga tushish bo‘yicha Argentina terma jamoasi yetakchisi Lionel Messi bilan tenglashib oldi.
Xorvatiya terma jamoasi yarim himoyachisi Luka Modrich kecha Sloveniyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushdi. U milliy terma jamoa safidagi 198-o‘yinini o‘tkazdi. Uchrashuvda xorvatlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija orqali Modrich Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messiga yetib oldi va futbol tarixida terma jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar orasida 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Terma jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu yetakchilik qilmoqda. U milliy jamoa tarkibida 227ta uchrashuv o‘tkazgan. Ikkinchi o‘rindan esa Quvayt terma jamoasi a’zosi Badir Al-Mutava joy olgan. U 202ta bellashuvda terma jamoa sharafini himoya qilgan.
Luka Modrich Xorvatiya terma jamoasi safida jahon chempionatida ishtirok etadi va bu uning uchun 5- mundial bo‘ladi.