Xorij muzeylaridagi Temuriylar merosi raqamli makonga ko‘chiriladi
Bugungi kunda madaniy merosni asrab-avaylash bilan bir qatorda, uni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish, raqamlashtirish va keng jamoatchilikka yetkazishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, muzey ashyolarining raqamli nusxalarini yaratish, ularni 3D modellashtirish va virtual muhitda namoyish etish tarixiy merosni saqlash va ommalashtirishning zamonaviy usullaridan biriga aylanmoqda. Bunday yondashuv nodir eksponatlarni kelajak avlod uchun raqamli formatda asrash, ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish hamda keng auditoriyaga taqdim qilish imkonini beradi.
Bu borada Temuriylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni raqamlashtirishga qaratilgan yangi ilmiy loyiha muhim ahamiyat kasb etadi. Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylarida saqlanayotgan 50 ta tarixiy ashyoning 3D modellari yaratilib, ular asosida animatsion va videomahsulotlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, loyiha rahbari Dilafro‘z Qurbonova quyidagilarni ma’lum qildi:
– Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylariga amaliy safarlar davomida 50 ta tarixiy ashyoning yuqori sifatli fotomateriallari to‘plandi. Ushbu materiallar asosida tarixiy ashyolarning raqamli 3D modellari yaratiladi. Shuningdek, mavjud tarixiy kartinalar animatsiyaga aylantirilib, ular asosida videomahsulotlar tayyorlanadi. Har bir ashyo haqida o‘zbek tilida ilmiy tavsif va annotatsiya beriladi.
Temuriylar davri ilm-fan, me’morchilik, adabiyot, tasviriy va amaliy san’at yuksak taraqqiy etgan, jahon tamadduni tarixida alohida o‘rin tutgan davr sifatida e’tirof etiladi. Bu davrga oid moddiy va madaniy meros namunalarining bir qismi bugungi kunda xorijiy muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.
Ana shu merosni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish va raqamlashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Olima ayollar” tanlovi doirasida “Xorijiy muzeylarda saqlanayotgan temuriylarga oid ashyolarning 3D modeli va animatsion tasvirini yaratish” loyihasi moliyalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi xorijda saqlanayotgan Temuriylar davriga oid tarixiy ashyolarni aniqlash, ularni ilmiy jihatdan o‘rganish va tavsiflash, shuningdek, ashyolarning 3D modellari hamda animatsion tasvirlarini yaratishdan iborat.
Loyiha doirasida Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylarida saqlanayotgan Temuriylar davriga oid ashyolar qamrab olinmoqda. Bugunga qadar mazkur mamlakatlardagi muzeylarga amaliy safarlar tashkil qilinib, 50 ta tarixiy ashyoning yuqori sifatli fotomateriallari to‘plangan.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri turli mamlakatlarda tarqoq holda saqlanayotgan Temuriylar merosini yagona raqamli va ilmiy axborot makoniga jamlash. Buning natijasida tarixiy ashyolarning raqamli nusxalarini yaratish, ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish va keng jamoatchilikka zamonaviy formatda taqdim qilish imkoniyati kengayadi.
Yaratilgan 3D modellar muzeylar, ta’lim muassasalari, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun zamonaviy raqamli resurs vazifasini bajaradi. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyining temurid.uz sayti yangi ilmiy va vizual kontentlar bilan boyitiladi.
Raqamli kontentlarning ko‘payishi muzey merosini virtual muhitda namoyish etish, tarixiy ashyolar bilan kengroq auditoriyani tanishtirish va madaniy turizmga qiziqishni oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Xususan, 3D modellar orqali eksponatlarning tashqi ko‘rinishi va xususiyatlarini virtual tarzda o‘rganish, ular haqidagi ilmiy ma’lumotlarni bir joyda jamlash mumkin bo‘ladi.
Loyiha doirasida yaratilgan 3D modellar va animatsion mahsulotlarni intellektual mulk sifatida himoya qilish ham rejalashtirilgan. Kelgusida ushbu raqamli mahsulotlar O‘zbekiston va xorijiy muzeylar o‘rtasida ilmiy-madaniy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va Temuriylar merosini zamonaviy texnologiyalar asnosida xalqaro miqyosda targ‘ib etishga zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA