Intensiv bog‘dorchilik rivojlanishda
Namangan viloyatining Chust tumanidagi Damobod mahallasida Prezidentimizning 2026-yil 9-iyundagi “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Seminarda Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqot qildi.
Namangan viloyatining Chust tumanida joriy yil davomida 14 gektar maydondagi eskirgan va samarasiz bog‘lar o‘rniga sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish rejalashtirilgan.

Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimiz rahbarining farmonida belgilangan vazifalar hamda bog‘dorchilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Qayd etilganidek, 2026-yil 1-iyuldan bog‘ yaratishga doir hujjatlar asosida eskirgan bog‘larni yangilash va sanoatlashgan intensiv bog‘larni barpo etishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi tartiblari joriy etildi.

Xususan, tijorat banklari orqali yetti yil muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada milliy valyutada har bir gektarga 120 million so‘mgacha miqdorda kreditlar ajratiladi.
Xalqaro moliya institutlarining meva-sabzavotchilik sohasi uchun jalb qilingan resurslari hisobidan ochilgan kredit liniyalari bo‘yicha tadbirkorlarga milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning yillik stavkasi 14 foiz etib belgilanadi.

Chet el davlatlaridan “in-vitro” usulida yetishtirilgan va sertifikatga ega mevali ko‘chatlarni import qilish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga tijorat banklari orqali 18 oygacha muddatga milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada, har bir mevali ko‘chat uchun besh dollargacha ekvivalentida kreditlar ajratiladi.

Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatida 45 ming gektar bog‘ mavjud. Lekin, meva eksporti ko‘ngildagidek emas. Hozirda 18 ming gektar eski bog‘ o‘rnida yangi, zamonaviy intensiv mevazorlar tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Sohada viloyat salohiyatidan yetarli foydalanilmayapti. Ayni shu masalani chuqur o‘rganib, xulosa chiqarish kerak.
Tadbir davomida fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, eskirgan bog‘larni bosqichma-bosqich yangilash, ular o‘rnida zamonaviy sanoatlashgan intensiv bog‘lar tashkil etish hamda sohada belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.