Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Pokistonning “Associated Press of Pakistan – APP” axborot agentligi yurtimizda ilk bor o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi haqida tahliliy maqola e’lon qildi.
Nashrning ta’kidlashicha, forumda 50 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar, muftiylar, olimlar hamda nufuzli ilmiy va madaniy muassasalar vakillari ishtirok etib, O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi murojaatni qabul qilishgan.
Muallif yozishicha, murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari yuksak baholangan. Xususan, 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish g‘oyasi so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim gumanitar tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilgani bayon etilgan.
Shuningdek, APP forum davomida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarining asrlar davomida islom ilm-fani va tamaddunining yirik markazlari sifatidagi o‘rni alohida e’tirof etilganini qayd etadi. Nashrga ko‘ra, forum yakunida qabul qilingan deklaratsiya va “Yo‘l xaritasi” islom sivilizatsiyasi merosini asrash, ilmiy tadqiq etish va xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun uzoq muddatli asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha Jahon alyansini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surilgani ma’lum qilingan.
O‘.Alimov, O‘zA