Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Axborot hamkorimiz - Lotin Amerika axborot agentligi (LANA) yurtimizni qadim sivilizatsiya va zamonaviylik chorrahasidagi makon sifatida tavsiflovchi maqola e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston nafaqat geografik o‘rni, balki boy madaniy va ma’naviy merosi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Mamlakat tabiati xilma-xil bo‘lib, bahorda yashil vodiylar, yozda musaffo osmon, kuzda oltinrang bog‘lar, qishda esa sokin manzaralar uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘ladi.
Muallif Hisor va Zomin tog‘lari havosi musaffoligi, Qizilqum cho‘li kengliklari hamda Amudaryo va Sirdaryoning mamlakat tabiatiga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlashini ta’kidlaydi.
Maqolada o‘lkamiz tarixiy merosi ham alohida urg‘u bilan yoritilgan. Ta’kidlanishicha, mamlakat asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lib, bu yerda ilm-fan va savdo taraqqiy etib kelgan.
Muallif fikricha, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent nafaqat milliy meros, balki butun insoniyat sivilizatsiyasining bebaho xazinasi hisoblanadi.
Xususan, Samarqand “Sharq durdonasi” sifatida ta’riflanib, Registon maydoni me’moriy ansambli dunyo miqyosida tan olingani qayd etilgan. Buxoro esa ma’rifat va ilm markazi sifatida, Xivadagi Ichan-qal’a majmuasi esa “vaqt to‘xtab qolgan shahar” sifatida tasvirlanadi.
Poytaxt Toshkent esa zamonaviylik va tarix uyg‘unligi namunasi sifatida ta’riflanib, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi sifatida bayon etilgan.
D.Hakimov, O‘zA