Tuapse NQIZga yana dron hujumi uyushtirildi
Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan xabarda aytilishicha, Rossiyaning Tuapse neftni qayta ishlash zavodi va dengiz terminaliga yana harbiy hujum uyushtirilgan. Dron parchalari qulab tushishi natijasida zavodda yong‘in chiqqan.
“RIA Novosti” yozishicha, Tuapsedagi neft omboriga 16-aprel kuni ham hujum qilinib, korxona hududida boshlangan yong‘in bir hafta davom etdi.
Gubernator Veniamin Kondratev “NQIZ yaqinida joylashgan binolar aholisi xavfsizligi uchun evakuatsiya ishlari olib borilgani”ni e’lon qildi. Olovni o‘chirish uchun 164 mutaxassis, 46 texnika jalb qilingan.
Shuningdek, Ukrainadagi ijtimoiy tarmoq sahifalari avvalgi hujumda omborxonaga zarba berilgani, bu gal bevosita zavod nishonga olingani ma’lum qilingan.

Rosneft tarkibiga kiradigan “RN-Tuapse neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ eksportga mo‘ljallab modernizatsiya qilingan majmua hisoblanadi. Korxonaning birlamchi neftni qayta ishlash bo‘yicha loyihaviy quvvati yiliga taxminan 12 million tonnani tashkil etadi. Asosiy yo‘nalish mavjud quvvat orqali eksportga yo‘naltirilgan yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishdan iborat.
2026-yil Kiyev RF strategik ob’ektlariga dron bilan hujumni kuchaytirdi. Ukraina Mudofaa vazirligi ushbu o‘zi uchar uchoqlarning zarba berish masofasi 170 foiz oshganini e’lon qilgan.

2022-yil Saratov viloyatidagi 650 km masofada joylashgan “Engels-2” aviabazasi nishonga olindi. O‘shanda “Tu-95” bombardimonchi samolyotlari ziyon ko‘rgan. 2024-yil Ukraina hujum masofasini 1200 km gacha yetkazdi va Alabugadagi “Shahid” droni ishlab chiqaradigan korxonani to‘pga tutdi. Shundan so‘ng dronlar chegaradan 1500 kmda joylashgan “Gazprom Neftexim Salavat” NQIZga ham yetib bordi.

2026-yil Ukraina dronlari uchun rekord masofa – 1750 km qayd etildi. Hujum Komi Respublikasidagi Uxta NQIZga yo‘naltirildi.
– Mart oyining o‘zida dronlarimiz besh strategik zavod, 10 NQIZni mo‘ljalga oldi, – deyilgan Ukraina Mudofaa vazirligi bayonotida. – Amaliyot geografiyasi Qrimdan Leningrad viloyatigacha bo‘lgan masofani qamrab oldi.
S.Rahimov, O‘zA